Turkmaniston Davlat yo`l inspeksiyasi ayollarga avtomashina haydash huquqini berish uchun zarur hujjatlar ro`yxatiga nikoh guvohnomasini ham kiritdi. Bu haqda “Turkman News” xabar berdi.
Nikoh to`g`risidagi guvohnomadan tashqari, ayollar oila tarkibi to`g`risida, tibbiy va ish joyidan ma`lumotnoma hamda pasport taqdim etishi shart. Ayollarga ishonchnoma orqali mashina haydashga ruxsat berilmaydi.
Yana bir norasmiy shart shuki, mashina haydamoqchi bo`lgan ayol 40 yoshdan oshgan bo`lishi va uning nomiga avtomashina rasmiylashtirilgan bo`lishi kerak.
2020 yil oxirida 40 yoshdan oshgan ayollar uchun haydovchilik guvohnomalari yangilana boshladi, keyin xorijiy elchixonalar xodimlari hamda oila a`zolari nogiron yoki saraton kasalligiga chalinganlar yosh chegarasisiz avtomobil haydash imkoniyatiga ega bo`ldi.
Keyinchalik mamlakatda yosh cheklovlari olib tashlangani haqida xabar berildi, lekin haydovchilik guvohnomasini berish bilan bog`liq vaziyat aslida o`zgarmadi.






