Hindiston Uttar-Pradesh oziq-ovqat xavfsizligi va dori vositalarini boshqarish departamenti "Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasining lisenziyasini to`xtatib qo`ydi. Bu haqda Moneycontral xabar berdi.
Lisenziyaning to`xtatilishi O`zbekistonda bolalarning "Dok-1 Maks" preparatini qabul qilishi oqibatida vafot etgani bilan bog`liq.
"Biz Marion Biotech kompaniyasining dori ishlab chiqarish lisenziyasini to`xtatib qo`ydik. Kompaniya ishlab chiqarish qoidabuzarliklari sabablari haqidagi so`rovimizga javob bermadi", — deydi rasmiy.
Marion Biotech asoschilari Noida zavodida har xil turdagi dori-darmonlarni ishlab chiqarish uchun ikkita: Form 25 va Form 28 lisenziyalariga ega bo`lgan.
"Kompaniya biologik va nobiologik dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ikkita turdagi lisenziyaga ega edi va ikkalasi ham keyingi ogohlantirishgacha to`xtatib qo`yilgan", — deyiladi xabarda.
30 dekabr kuni Marion Biotech kompaniyasi direktorlariga rasmiy xabarnoma yuborilgan va ularga 5 yanvargacha javob berish buyurilgan. Kompaniya 5 yanvargacha javob bermaganidan keyin regulyator lisenziyani to`xtatib turishni kechiktirgan. Bunga kompaniyaning yo`tal siropi sinovlari natijalarini kutayotgani sabab bo`lgan.
"Biz qo`shimcha vaqt berdik, biroq kompaniya javob bermadi va tekshirish chog`ida zavodda aniqlangan qoidabuzarliklarni baholab, ishlab chiqarish lisenziyasini to`xtatib turish to`g`risida qaror qabul qilindi", — deydi Uttar-Pradesh oziq-ovqat xavfsizligi va dori vositalarini boshqarish departamenti.
Ma`lumot o`rnida, Hindistonda ishlab chiqarilgan "Dok-1 Maks" siropini iste`mol qilish ortidan O`zbekistonda 20 dan ortiq bola vafot etgan.