BAA Masdar kompaniyasining Navoiy viloyati Zarafshon shahrida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi PFI Awards tomonidan Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi bitimi deb topildi.
PFI (Project Finance International) mukofotlari loyihalarni moliyalashtirish sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri bo`lib, har yili Evropa, AQSh, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikadagi loyihalarni moliyalashtirish bo`yicha eng yaxshi operasiyalar uchun beriladi.
Ushbu mukofotni olish investisiya loyihasining murakkabligi va uning barcha ishtirokchilarining makroiqtisodiy o`zgaruvchan davrda birgalikdagi sa`y-harakatlarining umumjahon e`tirofidir.
Qayd etish joizki, loyihani amalga oshirish uchun $600 mln to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan. Elektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 545 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 mln tonnaga kamaytirib, yiliga 500 ming xonadonning iste`moliga teng bo`lgan 1,6 mlrd kVt/soat elektr ishlab chiqarishni ta`minlaydi.






