Prezident Shavkat Mirziyoev ko`mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi o`sishi bilan energiya quvvatlariga talab oshib bormoqda. Bu ehtiyojni ta`minlash uchun barcha manbalar qatori ko`mir qazib olish hajmi ham kengaytirilmoqda. Oxirgi besh yilda bu ko`rsatkich yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirildi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, yurtimiz hududida qariyb 2 milliard tonna ko`mir zaxiralari mavjud. Davlatimiz rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, ko`mir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qo`ygan edi.
Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Xususan, joriy yilda “Sharg`unko`mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizasiya qilish loyihasi yakunlanadi. Buning evaziga yurtimizda yuqori sifatli ko`mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.
Prezidentimiz “Sharg`un” va “Boysun” konlarini o`zlashtirish orqali yuqori sifatli ko`mir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini ko`rsatib o`tdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta`kidladi.
Yurtimiz tog`-kon sanoati rivojida yana bir muhim manba bu – uran. 2022 yil 14 iyulda “Navoiyuran” davlat korxonasida uran qazib olish hamda qayta ishlash hajmini oshirish bo`yicha Prezident qarori qabul qilingan edi. Xususan, uni qazib chiqarishni 2030 yilgacha 2 barobarga oshirib, 7,1 ming tonnaga etkazish choralari belgilangan.
Yig`ilishda ushbu chora-tadbirlar ijrosiga alohida e`tibor qaratildi.
Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bo`yicha ma`lumot berildi. Prezident ushbu hamkorlik doirasida uran qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, qo`shimcha yangi konlarni aniqlash bo`yicha loyihalarni jadallashtirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.






