AsosiyJamiyat

Farg`onalik ayolning qizi moliyaviy piramida hosil qilishda ayblanib, qamoqqa olindi (video)

'Farg`onalik ayolning qizi moliyaviy piramida hosil qilishda ayblanib, qamoqqa olindi (video)'ning rasmi

Youtube platformasida “Farg`onalik bu onaxonni kim yig`latdi? Uning qizi qamoqda. 4 ta bola esa och qolgan” sarlavhali videomurojaat joylashtirildi. Unda bir ayol yig`lab, qizi qamalganini aytib prezidentga murojaat qilgan. Ayol qizini IIB xodimlari qamoqqa olgani, hozirda farzandlarini boqishiga umuman puli yo`qligini, advokatlar pulga "sotilib" ketayotgani va uni hech kim himoya qilmayotganini aytgan.

Ayolning so`zlariga ko`ra, uning qizida ayb yo`q. Barchasiga Rustam ismli shaxs aybdor. Chunki u qizni "zavod quramiz, fabrika ochamiz", deb aldab, bir necha fuqarolardan pul oldirgan. Qiz esa unga ishonib, 19 nafar fuqarodan foiz bilan qaytarish evaziga juda ko`p mablag`larni yig`ib olgan.

Ushbu holat Farg`ona viloyati IIB tomonidan o`rganib chiqildi. Ma`lum bo`lishicha, murojaatda Rustam deya atalgan shaxs (ayblanuvchi)ga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Ma`lumot o`rnida: ushbu moddada firibgarlik, ya`ni aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zganing mulkini yoki o`zganing mulkiga bo`lgan huquqni qo`lga kiritish uchun jazo belgilangan. 

Mazkur ish Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudida ko`rib chiqilgan. Sud jabrlanuvchi Nargiza Abdullaeva (videodagi ayolning qizi) va fuqaro A.Yu. ning harakatlarida jinoyat alomatlari bor yoki yo`qligiga huquqiy baho berish uchun ajrim chiqargan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida jami 19 nafar fuqarolar jabrlanuvchi sifatida so`roq qilingan. 

Natijada, murojaatchining qizi va uning sherigi ushbu fuqarolarning barchasidan har oyda foyda bilan qaytarish evaziga pul olib, moliyaviy piramida tashkil etgani aniqlangan.

Guvohlarning ko`rsatmalari va tergov jarayonida to`plagan boshqa dalillarga asosan N.A. va A.Yu.lar Jinoyat Kodeksining 221-moddasiga asosan, gumonlanuvchi sifatida qo`lga olingan.

2022 yil 28 dekabr kuni gumonlanuvchi N.A JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan, A.Yu. esa ushbu moddaning 3-qismi “a,b” bandlari bilan aybdor deb topilib, qamoqqa olingan. Shundan so`ng 30-dekabr kuni qo`shimcha ayblov xulosasi Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudiga yuborilgan.

    Boshqa yangiliklar