AsosiyJamiyat

Toshkentning qator hududlarida sutka davomida “svet” o`chmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” aholiga murojaat bilan chiqdi

'Toshkentning qator hududlarida sutka davomida “svet” o`chmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” aholiga murojaat bilan chiqdi'ning rasmi

Respublikamiz bo`ylab anomal sovuq ob-havo tufayli xonadonlarga berilayotgan gaz  bosimi hamda issiqlik energiyasi haroratining tushib ketganligi sababli asosiy yuklama elektr ta`minotiga tushishi oqibatida elektr etkazib berish va ta`minotda uzilishlar kuzatilmoqda.  Buning natijasida, Toshkent shahrining ko`plab tumanlaridagi elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta`minotda favqulotda uzilishlar sodir bo`lmoqda. Bu holatga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ izoh berdi.

Ma`lum qilinishicha, sovuq ob-havo munosabati bilan aholi va ijtimoiy soha ob`ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta`minlash maqsadida tunu-kun filialimiz tomonidan tegishli choralar ko`rilmoqda, deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent shahar filiali tomonidan joylarda yuzaga kelayotgan nosozliklarni oldini olish hamda favqulodda avariyali uzilishlarni tezlik bilan o`z vaqtida bartaraf etish maqsadida, kuchaytirilgan navbatchilik shtabi tashkil etilgan. 

Anomal sovuq kunlar davrida elektr energiyasini uzluksiz etkazib tug`ruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining elektr ta`minotini berish, tizimda avariyali uzilishlarni tezkor bartaraf etish, ijtimoiy soha ob`ektlarini alohida nazoratga olish hamda favqulotda holatga barcha elektr qurilmalarini shay holatga keltirish maqsadida, tashkil etilgan tezkor chiqish brigadalariga qo`shimcha mutaxassislar jalb etilgan. 

Iste`molchilarni elektr energiyasi bilan ta`minlashda asosiy o`ringa ega bo`lgan podstansiyalarga, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlariga, tuman elektr ta`minoti korxonalaridagi navbatchilik bo`limlariga qo`shimcha malakali  mutaxassislar jalb etilib, etkazib berilayotgan elektr energiyasi tunu-kun nazorat qilib borilmoqda.

Xususan, bugun kun davomida 100dan ortiq elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi.

Nosozliklarni bartaraf etish uchun barcha korxonalarda 24 soat faoliyat yurituvchi maxsus brigadalar tashkil etilgan bo`lib, ular zarur transport vositalari, qo`shimcha elektr qurilmalari zaxiralari bilan ta`minlangan.

Bundan tashqari tarmoqlarda yuklamani kamaytirish hamda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va tibbiyot muassasalariga etkazib berish uchun yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr energiyasi etkazib berish hajmi keskin kamaytirildi. 

Bundan tashqari barcha hududlardagi ko`cha yoritish chiroqlarining bir qismi o`chirilib, undan tejalgan elektr energiyasi aholiga yo`naltirilmoqda. 

Shu o`rinda iste`molchilardan vaziyatni to`g`ri tushungan holda energiya resurslardan imkon qadar samarali foydalanishlarini, nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmasliklarini iltimos qilamiz. Iqtisod qilingan elektr energiyasi boshqa xonadonlarning chirog`i yonishiga sabab bo`ladi.

Shuningdek ayni kunlarda Toshkent shahrida vujudga kelgan avariyaviy hodislarni tezkor bartaraf etish maqsadida bugun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning respublika bo`ylab barcha hududiy filiallaridan qo`shimcha kuchlar safarbar etilganligini ma`lum qilamiz, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar