1

Och qal`adan chiqqan semiz ho`kiz yohud malika Guldursunning mash`um xiyonati hikoyasi

Moziydan sado 20.09.2016, 10:41
Och qal`adan chiqqan semiz ho`kiz yohud malika Guldursunning mash`um xiyonati hikoyasi

Hozirgi kunlarda Qoraqalpog`istonning To`rtko`l shahri yaqinida muhtasham qadimiy qal`alardan qolgan xarobalar mavjud. Ayniqsa ulardan biri bir qarashdan allaqanday sirli mahobati bilan sayyohlarni o`ziga asir qilib olishi shubhassiz. Mahalliy aholi orasida bu qal`aning tarixi borasida shunday rivoyat yuradi. 

Raqibga sir boy bershmasdi
Bir vaqtlar bu erlar juda obod erlar bo`lgan ekan. Kunlarning birida shimol tarafdan qolmiqlar bostirib kelib hammayoqni talab, xonavayron qilishibdi. Shahar aholisi qal`aga berkinib olib bosqinchilar bilan jang qilibdi.  Mudofaachilar qal`a devori tepasiga chiqib olib, bosqinchilar ustdan o`q yog`diri, ularga katta talafot etkazishibdi. Qalmiqlar har qancha urinishsa ham qal`ani olisholmabdi. 

Qal`a qamali cho`zilib ketibdi, undagilar och qolishibdi. Vaqt o`tgani sari qal`a ichidagi qurol-yaroq, suv va oziq-ovqat zahiralari kamayib borardi. Shu bilan birga shaharni o`rab olgan bosqinchilarning ham safi kundan-kunga qisqarib, qal`ani zabt etishga bo`lgan umid ham kamaymoqda edi. Biroq, har ikki tomon raqib oldida sir boy bermas, jasorat va qat`iyat bilan kurashmoqda edilar. 

Antiqa usul
Agar qamal yana bir necha kun davom etsa, holdan toygan mudofaachilar taslim bo`lishdan boshqa chora topa olishmasdi. Shunda podsho va uning sarkardalari shunday bir hiyla o`ylab topishibdi. Qal`ada qolgan birgina ho`kizga hammayoqdan ozgina-ozginadan yig`ilgan don-dunlarni egizishib, semirtirib, qal`adan chiqarib yuborishibdi. 

Qal`ani qamal qilib yotgan qalmiqlar ham och ekan, ular ho`kizni tutib, shu zahoti so`yishibdi. Ho`kizning qornidan yangi eyilgan don-dunlar  chiqibdi. Shunda qolmiqlar: “Eh-he, qamaldagilar ho`kizlarini mana shunday sara bug`doy bilan boqishsa ularning g`alla zahiralari ko`p ekan-da, u holda biz qal`ani hali-veri ololmaymiz”, – deb qal`adan chekinishmoqchi bo`lishibdi. 

Ammo podshoning Guldursun degan qizi bo`lib, u qal`a devoridan turib yovlarni kuzatganda, ular orasida yosh, pahlavon sarkarda – qalmiqlar podshosining o`g`lini ko`rib qolgan ekan. Shu tariqa qal`a malikasining dushman shahzodasiga ishqi  tushibdi va uning visoliga erishish yo`llarini o`ylay boshlabdi. 

Xiyonatga boshlagan muhabbat
Ammo bir kun Guldursun qarasa qalmiqlar bor narsalarini ot-u, tuyalariga yuklab  ketishga hozirlik ko`rishayotgan ekan. Guldursunning mudofaachilar o`ylab topgan hiyladan xabari bor ekan. Shunda u o`z kanizagi orqali haligi shahzodaga xat yo`llab, butun sirni oshkor qilibdi. “Ho`kiz shuncha bir hiyla edi. Butun shahar ahli holdan toygan. Eyishga non, ichshga suv qolmagan. Yana bir kun kut, shahardagilarning taslim bo`lishini ko`rasan”, deb yozibdi u. 

Qolmiqlar shahzodaning buyrug`i bilan yo`ldan to`xtashibdi va qal`aga yana ham yaqinroq kelib, jang tadorigini ko`risha boshlashibdi. Buni ko`rgan qal`adagilar yana bir-ikki kun qarshilik ko`rsatishibdi. Axiyri  o`z hiylalarining ish bermaganligi boisidan taslim bo`lishga majbur bo`lishibdi. 

Qolmiqlar qal`aga bostirib kirishibdi, shahar yondirilibdi, aholining bir qismi o`ldirilib, qolgani qul qilib haydab ketilibdi.  

Malika Guldursunni esa qalmiq shahzodasining oldiga olib kelishibdi. Shahzoda unga qarab: “O`z ehtirosini deb vatani, xalqi va otasiga xiyonat qilgan qiz menga vafo qilarmidi?”,– deb uni yovvoyi ayg`irlarning dumiga bog`latib o`ldirtiribdi. Shundan beri bu qal`a Guldursun deb nomlanar ekan.

Bu ibratli rivoyat mashhur etnograf olim S.P.Tolstovning “Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab” (Toshkent, FAN, 1964) kitobida keltirib o`tiladi.

Qissadan hissa shuki, hoyu havasni deb, dunyoviy lazzatlarni o`ylab, o`z eliga, yurtiga, vataniga xiyonat qilganlar tarixda ko`p o`tgan. Biroq ularning nomi abadul-abad xiyonat, qabohat va yovuzlik ifodasi o`laroq tilga olinadi. Vatan ozodligi, el-yurt, xalq manfaatlari uchun jonini bergan mardlar nomi esa, mangu barhayotdir.

M.Xudoyqulov tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1