Bugun, 17 yanvar Toshkent shahrining Sergeli tumanida elektr transformator yonib ketdi. Bu haqda shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma`lumot berdi.
Xabarda aytilishicha, soat 17:43 da Sergeli-5 dahasi 25-uy oldida joylashgan TP40-44 raqamli transformatorda yong`in bo`layotganligi haqida FVBning tezkor boshqaruv markaziga xabar kelib tushgan. Shunga ko`ra, voqea joyiga birlamchi yong`in-qutqaruv texnikalari 17:51 da etib borgan hamda 17:58 da yong`in to`liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida transformatorning ichki qismi yonib zararlangan.
Shuningdek, soat 18:44 da poytaxtning Shayxontohur tumani “Jarariq” mavzesidagi elektr transformatorda ham yong`in sodir bo`lgan.
Voqea joyiga birlamchi yong`in-qutqaruv texnikalari soat 18:55 da etib borgan. Shundan so`ng ma`lum vaqt hudud elektr tarmoqlari xodimlari transformatorning mavjud elektr tizimidan uzganlaridan so`ng soat 19:33 da yong`in to`liq bartaraf etilgan.






