“Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–11-son, 16.01.2023 y.) qabul qilindi.
Farmon bilan 2023 – 2026 yillarga mo`ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya doirasida sudlar faoliyatini to`liq raqamlashtirish, sun`iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron ma`lumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish odil sudlovni ta`minlashning vazifalaridan biri etib belgilandi.
Farmonga ko`ra, sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun ma`muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash choralari belgilanadi.
Quyidagilar Odil sudlovni amalga oshirishga ko`maklashish bo`yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi etib belgilandi:
- Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma`muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta`minlash boshqarmalari;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma`muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta`minlash bo`yicha tegishli bo`lim va tarmoqlari;
- tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo`nalishlar bo`yicha tegishli o`rinbosari va yordamchilari.
Oliy Sud tizimida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etiladi.
Shuningdek, 2023 – 2026 yillarga mo`ljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi.






