AsosiyJamiyat

O`zbek sirk san`ati afsonasi Xakim Zaripov vafot etdi

'O`zbek sirk san`ati afsonasi Xakim Zaripov vafot etdi'ning rasmi

O`zbek sirk san`ati rivojiga katta hissa qo`shib kelayotgan Zaripovlar sulolasining davomchisi, sirk ustasi, O`zbekiston xalq artisti Xakim Zaripov 99 yoshida vafot etdi. Bu haqda madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov xabar qildi.  

"1924 yilning 17 sentyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan ustoz san`atkor 1947 yilda O`zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. 1942 yilda "O`zbek davlat sirki" respublika birlashmasi chavandozi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik "Chavandozlar" guruhi chavandozi, artist-chavandozi, "O`zbekiston chavandozlari" guruhi artist- chavandozi, "O`zbek davlat sirki" sahnalashtiruvchi rejissyori, sirkning oliy toifali artisti, 2017 yildan esa “O`zbek davlat sirki” davlat muassasasi etakchi sahna ustasi va ijodiy jamoa badiiy rahbari sifatida fidoyilarcha mehnat qildi.

Uning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib e`tirof etilib,  "O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist"," O`zbekiston xalq artisti" faxriy unvonlari, shuningdek, “Madaniyat va san`at fidokori” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan.

Umuman aytganda, Xakim Zaripov qariyb 80 yillik umrini o`zbek sirk san`ati rivojiga bag`ishladi, yarim asrdan ziyod vaqt davomida sirk manejida “yashadi” va sirk san`atining ustasi, iqtidorli chavandozi, hayvon o`rgatuvchisi, masxaraboz, kino aktyori, kaskadyor sifatida jahon sirki tarixidan munosib o`rin egalladi. U dunyo sirk arenalarida O`zbekiston bayrog`i ostida o`z chiqishlarini namoyish qilib, yurtimiz sirk san`atini xalqaro miqyosda yanada keng tanitgan fidoyi mehnat faxriysi edi.  

O`zbek sirki san`ati tarixida afsonaga aylangan Xakim Zaripov vafoti munosabati bilan uning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz", - deya ta`ziya izhor qilgan Nazarbekov. 

    Boshqa yangiliklar