Biroz avval O`zbekiston tibbiyot tarixida ilk bor siam egizaklari operasiya natijasida ajratib olingani hamda operasiyasida ishtirok etgan mutaxassislar Sog`liqni saqlash vaziri tomonidan “Sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik.
Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovyo ushbu operasiyani o`zbek tibbiyotiga bildirilgan katta ishonch deb atadi.
— Siam egizaklarini jarrohlik yo`li bilan ajratishga ko`p mamlakatlarda hatto eng mohir xirurglar ham jazm etolmaydi. Chunki bu — o`ta noyob operasiya. Qolaversa, bir vujudga birlashgan ikki "jajji jon"ning hayoti har soniya xavf ostida bo`ladi.
Hammasi shifokorning bilim va mahoratiga, lahzalar oralig`ida qabul qiladigan to`g`ri qarorlariga bog`liq. O`zbek xirurglari buni qat`iyat bilan uddaladi. Tibbiyotimiz tarixi yana bir olamshumul voqea bilan boyidi.
Bugun qo`shni qirg`izistonlik egizaklarning yaqinlari bilan suhbatlashdim. Ular nima uchun aynan O`zbekiston shifokorlariga jondan aziz go`daklari taqdirini ishonib topshirganini hayajon bilan tushuntirishdi.
Avvalo, ikki qardosh xalqning bir-biriga mehr-oqibatidan quvongan bo`lsam, boshqa tomondan, o`zbek tibbiyotiga uzoq-yaqin mamlakatlarda ham katta ishonch bildirilayotgani meni juda xursand qildi.
O`ylaymanki, bu — davlatimiz rahbari belgilab bergan marralarning boshlanishi. Kelgusida xorijda joriy etilayotgan yangi va eng ilg`or tibbiy amaliyotlarni yurtimizga olib kiramiz! Shunda bemorlarning har qanday vaziyatda ham uzoq mamlakatlarga davo istab borishiga mutlaqo ehtiyoj qolmaydi.