20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o`rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo`yicha kengaytirilgan yig`ilish o`tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev xalqimizga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida e`tibor qaratgan edi. Aynan aytganda, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro`yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag`allikni qisqartirish, demakdir”.
Bunga erishishning asosi, birinchi navbatda, ta`lim. Shu bois Murojaatnomada maktab o`quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o`rgatish ustuvor vazifa etib belgilangan edi.
So`nggi yillarda ta`limga, o`qituvchilarga e`tibor oshdi, oliy ta`limda qabul soni va yo`nalishlar ko`paydi. Lekin, maktablardagi sifat hali talab darajasiga chiqqani yo`q. Masalan, 11 yil maktabda o`qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo`qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo`lmasdan kirib kelmoqda.
Shu bois yig`ilishda xorijiy tillarni o`qitish sifatini oshirish va o`quvchilarni kasbga yo`naltirish masalalari muhokama qilindi.
– Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug`i, bilmagani muammo, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o`quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o`rganilgan.
Endi tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o`quvchilar maktabning o`zida 64 xil ishchi kasblarga o`rgatilishi ko`zda tutilmoqda.
Shu bois hokimliklarga ushbu tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta`minlash vazifasi qo`yildi. Bunga yoshlar etakchilari va tadbirkorlar ham jalb etiladi, Yoshlar jamg`armasidan mablag`lar yo`naltiriladi.
– Hozir tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarni shu masala qiynayapti: bo`sh ish joyi ko`p, oyligi ham yaxshi, lekin o`quvi va ko`nikmasi bor ishchi yo`q. Agar bu tizim to`g`ri tashkil qilinsa, bizdagi demografik o`sish bilan katta natijalarga erishsa bo`ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, o`quvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo`yicha zamonaviy kasblarga o`rgatish muhimligi ta`kidlandi.
Chet tillarini sifatli o`rgatish uchun maktablarga “til egasi” bo`lgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til o`rgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Yig`ilishda viloyat hokimlari tanlangan maktablar misolida xorijiy tillar va kasb o`rgatishni rivojlantirishga oid rejalar yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, Prezident tarmoq va hududlar rahbarlariga qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan barqaror ta`minlash borasida mas`uliyat va nazoratni kuchaytirishi lozimligini ko`rsatib o`tdi. Tadbirkor va korxonalar faoliyatidagi muammoli masalalarni hal qilishda ularga yaqindan ko`maklashish, zarur hollarda moliyaviy resurslar ajratish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz oshib ketishining oldini olish va bozorlarda taklifni ko`paytirish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi.