Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus 2022 yilning dekabr oyidan buyon dunyoda koronavirus qurbonlari soni ortib borayotganini ma`lum qildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Qariyb ikki oydirki, COVID-19 oqibatida haftalik o`lim ko`rsatkichlari muttasil o`smoqda, — deydi JSST rahbari. — Bu davrda kasallik Er yuzi bo`yicha 170 ming nafardan ortiq kishini hayotdan olib ketdi va bu faqat bizga ma`lum raqamlar. Real statistika esa bundan ham yuqori bo`lishi mumkin”, - dedi u.
Uning qayd etishicha, ushbu hafta COVID-19 bo`yicha favqulodda qo`mitaning majlisida koronavirus pandemiyasini bekor qilish yoki uzaytirish masalasi muhokama qilinadi.
"Hozirgi vaziyat bundan uch yil avvalgi epidemiologik holatga nisbatan yaxshiroq bo`lsa-da, ammo jamoaviy immunitet hali etarli darajada emas, — deydi T. Gebreyesus. — Ko`p aholi qatlami hanuz buster doza bilan emlanmagan. Bu esa xavotirlanishimiz uchun asosli dalildir".