Davlatimiz rahbari boshchiligida davom etayotgan videoselektor yig`ilishida prezident Navoiy, Buxoro, Namangan, Qo`qon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari, Zafarobod, Arnasoy, Vobkent, Shofirkon, Kogon, G`ijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambag`allikni qisqartirish bo`yicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmaganini tanqid qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
Shu bilan birga, kambag`allik ko`rsatkichlari respublika bo`yicha yaxshilangan bir paytda, Navoiy, Surxondaryo va Farg`onada o`zgarish sezilmayotgani ta`kidlandi.
Prezident kambag`allikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi – aholini daromadli ish bilan ta`minlash ekanini qayd etdi. Shu bois, ma`muriy islohotlar doirasida kambag`allikni qisqartirishga mas`ul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi.
Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka ko`maklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta - Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo`ladi. Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambag`allikni qisqartirish bo`yicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinmoqda.
Bosh vazir o`rinbosari J.Qo`chqorov, Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ushbu ekspertlar bilan birga barcha viloyatlarda kambag`allikni qisqartirish bo`yicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlari bilan birga 2023 yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan ko`rib chiqib, tasdiqlash topshirildi.
Prezident oilaviy tadbirkorlikni yanada rag`batlantirish maqsadida moliyaviy ko`mak ko`lami kengaytirilishini ta`kidladi. Jumladan, 2023 yilda:
- tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so`mdan 300 million so`mgacha oshiriladi;
- dehqon xo`jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so`mgacha oshiriladi (amalda 33 million so`m);
- avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko`rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo`ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);
- kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.
2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion so`m beriladi (2022 yilda – qariyb 10 trillion so`m). Prezident yaqinda imzolagan qarorga ko`ra, oilaviy tadbirkorlikka qo`shimcha 300 million dollar ajratiladi.
25.01.2023 12:30
Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so`mdan 300 million so`mgacha oshiriladi






