AsosiyJamiyat

So`z erkinligimi yoki g`irrom o`yinlar – siz qaysi tomondasiz?

'So`z erkinligimi yoki g`irrom o`yinlar – siz qaysi tomondasiz?'ning rasmi

Bugun o`zbek jurnalistikasi, umuman, axborot makoni eng shovqinli, bahslarga to`la, jarayonlari faol, yuqori darajada ijtimoiylashgan, biroq ayni paytda, eng xiralashgan davrini boshidan kechirmoqda. Ot izi bilan it izi aralashib ketdi degan naql juda mos keladi.

Ko`pchilik jurnalist va blogerlar jamiyatdagi o`tkir muammolarni olib chiqib, ularning qonuniy bartaraf etilishiga sabab bo`layotganlari sir emas. Jamoatchilik nazoratining sub`ekti sifatida ushbu faol shaxslar o`z vazifalari va ijtimoiy majburiyatlarini sharaf bilan ado etmoqdalar. Bu fuqarolar va Davlatimiz rahbari tomonidan ko`p bora e`tirof etib kelinmoqda.

Ammo afsuski, axborot maydonida bugun bir qancha qutbli, prinsipli tomonlar paydo bo`lgani, bu plyuralizmni shakllantirishga hissa qo`shayotgani holda, shunday bir ko`rinmas va g`irrom o`yinchilar ham yuzaga keldiki, ularning ishini axborot diversiyasi deb baholash mumkin. Shunday manbalar paydo bo`ldiki, ular tahdid, shantaj, biron tuhmat, shaxsiy sirlarni ochish yoki yolg`on ma`lumotlar tarqatish bilan tahdid qilib, shaxsning qadr-qimmati va ishchanlik obro`sini erga urish maqsadida axborot tarqatishni o`ziga kasb qilib oldi.

Masalan, biron rasmiy manbalarda tilga olinmaydigan, biroq tarmoq foydalanuvchlari orasida mashhur bir qancha manbalar shular jumlasidandir. Ularda hech qachon tahlil bo`lmaydi, faktlari tasdiqlanmaydi, buni na ular o`zlariga maqsad qilib olishgan, na o`quvchilari ko`pda buni talab qilishadi.

“Falonchi Pistonchiev, bugun kanalimda sening kuning, qo`limda hamma ma`lumot, kutib ol” deb qo`yib, keyin u odam haqida umuman hech nima demaslik, shubhali tarzda jim bo`lib ketish – bu so`z erkinligi emas, axborot vositasida shantaj aslida.

“O`zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi”da jurnalist betaraf bo`lishi, voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi, muomala madaniyati va ochiqlik tamoyillariga amal qilishi lozimligi belgilab qo`yilgan.

Lekin o`zini “haqiqat himoyachisiman” deb da`vo qiluvchi ba`zilar qonun normalari u yoqda tursin, umuminsoniyat qabul qilgan va tan olgan axloq me`yorlarini ham mensimasligini ko`rsatib qo`ydi.

Ma`lumot uchun:  “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlaridan biri sifatida shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha`ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shartligi ko`rsatilgani ommaga bayon etishda ham qabul qilib bo`lmaydigan eng tuban usul hisoblanadi.

Mamlakatimizda so`z erkinligi va axborot maydoni o`ziga xos transformasiya jarayonini kechirayotgan bir davrda bu kabi g`ayriinsoniy muloqot yo`li so`z erkinligining samarasi va istiqboldagi taraqqiyotini katta savol ostiga qo`yadi.

Bu kabi muloqot nafaqat OAV obro`siga putur etkazishi, balki ochiq muloqot uchun intilayotgan boshqa davlat organlariga ham yomon ishora yuborib, ularni ochiqlikdan bezdirishi va oxir-oqibat umuman jamoatchilik manfaatlariga ziyon etishiga olib kelishi mumkin.

Destruktiv muloqot uzoq davom etmaydi, katta zarar keltiradi, muloqotning samarasini yo`qqa chiqaradi, tomonlar bir birini eshitmay qo`yishiga olib keladi.

Bu kabi harakatlar avvalo jamiyatda fuqarolik jamiyati institutlariga ishonchning so`nishiga, jurnalistika va blogosferaning obro`sizlanishiga, alalxusus, shaffoflik va ochiqlikni ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan siyosatga salbiy ta`sir ko`rsatdi.

Zamonaviy dunyoda eng murosasiz muxolifatchilar ham bir stol atrofida madaniyatli so`zlar va ishoralar orqali o`z tanqid, e`tiroz va hatto nafratini aytmoqda. Zero insonning hayvondan farqi ham uning madaniyatli muloqot qila olishidadir.

Bugun Prezidentimiz ochiqlik siyosatini eng oldingi o`ringa qo`ygani hech kimga sir emas. So`nggi yillarda olib borilayotgan islohotlarning flagmani sifatida ham aynan so`z erkinligi borasida amalga oshirilgan institusional o`zgarishlar tilga olinadi. Har qanday murosasiz tanqid, fikr, e`tiroz ham bugungi axborot asrida aytilishga va eshitilishga haqli, aytilyapti va eshitilyapti ham. Biroq so`z erkinligidek yuksak qadriyatni shaxsiy manfaat yo`lida shantaj quroliga aylantirish bu qadriyatga xiyonatdir.

Qolaversa, biz senzura diktaturasidan qutuldik deganimizda endi “so`z shantaji” diktaturasi ostiga tushishimiz mumkin emas, bunga har qanday ochiq fikrli, savodli, progressiv insonlar rozi bo`lmasligi kerak.

Biz tanqid va fikrlar uchun doim ochiq bo`lganimiz holda, haqorat va shaxs qadr-qimmatini pastga uruvchi harakatlarga jim qarab turmasligimiz lozim.

Shu o`rinda jurnalistlar hamjamiyati, jamoatchilik faollari, saviyali va yuqori standartlarga sodiq blogerlar hamda fikr etakchilari bu sharoitda o`z pozisiyalarini aniqlab olishlari, o`zaro hurmat hamda yuqori standartli jurnalistika, so`z erkinligi himoyasida turishlari juda muhim.

Axborot tarqatishda qonuniylik, xolislik, odob-axloq va insoniylik prinsiplarini etakchi bo`lmog`i kerak.

Hamma sohada huquqbuzarlikka javobgarlik mavjud ekan, shubhasiz, axborot tarqatish sohasida ham yolg`on, tuhmat va tovlamachilikdan iborat axborot tarqatganlik uchun tegishli javobgarlik mavjudligini eslatib o`tamiz. Blogerlar va jurnalistlar shaxsni obro`sizlantiruvchi ma`lumotlar tarqatishdan oldin uni tekshirib olishga mas`uliyat bilan yondashishlari lozim.

 

Furqat Tojiev, huquqshunos

    Boshqa yangiliklar