Qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?

Salomatlik 28.01.2023, 17:47
Qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?

Ko`pchilik insonlar hayotida bir marta bo`lsa ham qon tahlili topshirgan yoki vena orqali in`eksiya qabul qilgan. Shu paytda ba`zi bemorlar o`zining qoni to`q rangga kirib, quyuqlashganiga guvoh bo`ladi.

Mutaxassislarning fikricha, bu holatga e`tiborsiz bo`lish kerak emas. Aksincha, qon tahlillari orqali uning quyuqlashib ketgani aniq bo`lgach, vaqtida davolanish zarur. Aks holda, organizmda turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin

— Qon – inson tana a`zo va to`qimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan ta`minlovchi muhim suyuqlik, — deydi oliy toifali shifokor Nazokat Oripova. — U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki a`zolar faoliyatida ishtirok etadi. Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib keladi. Oqibatda yashirin kasalliklar yuzaga kelishi yoki yangilari paydo bo`lishi mumkin.

Qon quyuqlashishiga ko`pincha sovqotish, qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fast-fud va turli qovurma taomlar sabab bo`ladi. Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining ko`tarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim o`zgarishlar tufayli ham yuzaga keladi.

 Natijada insonda bosh og`rig`i, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qo`l va oyoqlar sovqotishi, og`iz qurishi kuzatiladi. 
Yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida ko`karishlar paydo bo`lishi va tirnoq shakli o`zgarishi mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi etib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo`lganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi.
Qon holatini tekshirish uchun shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Agar tibbiy teeshiruvlardan so`ng uning quyuqligi me`yordan ortiq ekani ma`lum bo`lsa, zarur muolajalar tayinlanadi.

 Biroq qonni suyultiruvchi dori vositalarini o`zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuqlashishi jarohatlarda qonning to`xtamay qolishiga olib keladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1