Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda muzlagan ko`l ustida sirpanchiq uchayotgan yoshlarning muz yorilib, suvga tushib ketgani aks etgan videolar tarqaldi.
O`zbekistonda havo haroratining keskin pasayishi tufayli respublikaning qator viloyatlarida yirik daryolar, ko`llar va hatto sharsharalar muzlab qoldi. Bu hududlar aholisi, ayniqsa, yosh bolalar dam olish maqsadida konki va chana uchisha boshlashdi.
So`nggi kunlarda havo harorati sezilarli darajada ko`tarilganiga qaramay, ko`llarni qoplagan muzliklar erimagan. Shunday bo`lishiga qaramay, O`zbekistondagi ko`llarning muz qoplamalari qalin bo`lmagani sababli yorilish ehtimoli yuqori. Bu esa muz ustida uchayotganlar hayoti uchun xavfli hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholiga ko`llar ustidagi muzlarda uchmaslikni tavsiya etmoqda.






