Shanba kuni Eron shimoli-g`arbida 5,9 magnitudali zilzila sodir bo`ldi. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, 2 kishi halok bo`lgan, 664 kishi jarohatlangan.
Eronning G`arbiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Sodiq Mutemedianning aytishicha, 16 nafar jabrlanganlar Selmas shahridagi shifoxonaga etkazilgan, 20 nafari og`ir jarohatlar bilan Xoy shahridagi shifoxonalarga yotqizilgan, olti nafari operasiya qilingan.
Unga ko`ra, 70 ga yaqin qishloq zarar ko`rgan. Zilzila episentridan 30 kilometr radiusni egallagan hududga zararni baholash uchun mutaxassislar guruhi yuborilgan.
Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi saytida e`lon qilingan ma`lumotlarga ko`ra, zilzila o`chog`i 6,49 km chuqurlikda bo`lgan.
Eron seysmologiya markazi ma`lumotlariga ko`ra, kecha mahalliy vaqt bilan 21.44 da sodir bo`lgan zilzila kuchi 5,9 ballni tashkil qilgan.
Erosti silkinishlari tufayli Xoy shahri va Chaypar okrugidagi maktablarda darslar bekor qilindi.
Kecha tunda Eronning Isfaxon shahrida Mudofaa vazirligining uchuvchisiz samolyotlar va o`q-dorilar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodiga hujum uyushtirilgani haqida xabar berilgan edi.






