“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig`iga asosan konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko`paytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, quduqlarda kapital ta`mirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burg`ilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari qayta ta`mirlanib ishga qo`shilmoqda.
“O`zbekneftgaz” AJ Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Quyi Surgil” gazkondensat konidagi 26-sonli quduqda burg`ulash ishlaridan so`ng 4323-3873 metr oralig`iga filtr o`rnatildi.
Tezkor ma`lumotlarga ko`ra, quduqni o`zlashtirish ishlaridan so`ng, mahsuldorligi kuniga 820 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 1 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.
Ma`lumot uchun: "Quyi Surgil" gazkondensat koni Qoraqalpog`iston Respublikasining Mo`ynoq tumanida joylashgan bo`lib, 2018 yilda ishga tushirilgan.
“O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati






