Bugun, 30 yanvar kuni bolalar shoiri Odil Abdurahmon 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ma`lum qildi.
Odil Abdurahmon (Odiljon Abdurahmonov) 1943 yil 22 fevralda Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumani Ma`murobod qishlog`ida tavallud topgan. 1962-1969 yillarda Andijon davlat pedagogika institutida tahsil olgan. U – 1978 yildan O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi.
Harbiy xizmatni o`tayotgan 1965-1967 yillari shoirning bolalar hayotidan hikoya qiluvchi “Quvnoq bolalar”, “Salom, quyosh” to`plamlari chop etilgan. Shundan so`ng tez orada Abdulla Oripov, Vosit Sa`dulla, Qudrat Hikmat, Safar Barnoev, Narimon Orifjonov kabi taniqli ijodkorlar nazariga tushadi.
Shundan keyin uning ketma-ket “Oyga remont tusharmish”, “Quvnoq bolalar”, “O`zbeklar yurti”, “Miltiq otilmadi”, “Azim kichik armiyasining xazinasi”, “Shamol qanday yashaydi”, “Belanchak” kabi she`riy va nasriy to`plamlari nashrdan chiqadi.
Adibning so`nggi yillarda kattalar uchun bir qator nasriy asarlari nashr etilgan. “Oshiqlarga o`lim yo`q” qissasi, “Urush va qismat”, “Sen mening qo`shig`imsan” romanlari shular jumlasidandir.
Odil Abdurahmon 2022 yilda “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan.
“O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi ko`p sonli adiblar nomidan Odil Abdurahmonning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.






