AsosiyJamiyat

Qibrayda yigit ukasi va IIB xodimlarini pichoqlamoqchi bo`ldi (video)

'Qibrayda yigit ukasi va IIB xodimlarini pichoqlamoqchi bo`ldi (video)'ning rasmi

Toshkent viloyati Qibray tumanida 20 yoshli yigit ukasi va IIB xodimlariga pichoq bilan tahdid qildi. 

Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma`lum bo`lishicha, 26 yanvar kuni soat 20:00 da “Yangihayot” mahallasida yashovchi fuqaro shu hududda joylashgan IIB huquq-tartibot maskaniga borib, xonadonida janjal bo`layotganini aytib, yordam so`ragan.

Xabarga asosan, 2 nafar profilaktika inspektori fuqaro bilan birga uning uyiga etib borgan. Xonadonda inspektorlar 19 va 20 yoshlardagi yigitlar urishib, bir-biriga pichoq bilan tahdid qilayotganiga guvoh bo`lgan. Ajratmoqchi bo`lganida, ulardan biri inspektorlarga ham qo`lidagi pichoq bilan tahdid qilgani atrofdagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.

Profilaktika inspektorlari ushbu shaxslarni xavfsizlantirgach, hududiy huquq-tartibot maskaniga olib kelgan. Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtida fuqaro yana janjalni davom ettirib, inspektorning xizmat xonasida bo`lgan qaychini qo`liga olgan va xodimlarga o`qtalib, engil tan jarohati etkazgan.

U harakatlarini davom ettirgach, xodimlar xavfsizlikni ta`minlash maqsadida qo`lidagi tig`li jismi olib, unga kishan taqib qo`ygan. Oradan bir oz vaqt o`tgach, ushbu fuqaroda tutqanoq kasalligi qo`zg`ab, o`zini noodatiy tuta boshlagan. Ayni shu vaqtda uning oila a`zolari qidirib, huquq-tartibot maskaniga kirib kelgan.
IIBBning qo`shimcha qilishicha, ular voqeani videoga olib, go`yoki IIB xodimlari fuqaroni kaltaklab, shu ko`yga soldi mazmunida izohlagan. Lekin mazkur jarayonda xodimlar tomonidan fuqarolarga nisbatan kuch ishlatilmagan.

Hozirda holat yuzasidan qonuniylikni ta`minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar