Davlatimiz rahbari xalqqa Murojaatnomasida maktab o`quvchilarini xorijiy tillar va kasb-hunarga o`rgatish zaruratini aytgan edi. 20 yanvar kuni bu boradagi vazifalar bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tdi. Tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o`quvchilar maktabning o`zida 64 xil ishchi kasblarga o`rgatilishi rejalashtirildi.
Bu maqsad joylarda hayotga ko`cha boshladi. Xususan, Andijon tumanidagi 55-umumta`lim maktabi ta`mirlanib, qo`shimcha sharoitlar yaratildi. Maktabning bo`sh turgan erto`lasi tadbirkorlarga ajratib berilib, yoshlarni kasbga yo`naltirish yo`lga qo`yildi.
Prezidentimiz ushbu xonalarni kirib ko`rdi.
Maktabning yuqori sinf o`quvchilari bu erda tikuvchilik, mebelchilik, qandolatchilik, kosibchilik, savat to`qish, ko`rpa-to`shak tikish kabi yo`nalishlarni o`rganmoqda. Shuningdek, maktab hududida avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatish, payvandlash, tipografiya, kompyuter xizmati va salonlar tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari kasb o`rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
"E`tibor bersangiz, kasb egallamay o`qishni bitirganlar hayotda qiynaladi, ish topolmaydi. Kimning qo`lida hunari bo`lib, chet tilini bilsa, yo`li ochiq. Sizlarda shunday imkoniyat bor. O`zingizni qiynab, qunt bilan bilim oling, hunar o`rganing. Qarorlar, sa`y-harakatlar qachon natija beradi? Mutaxassis zo`r bo`lsa. Investorlar ham kadrlarning bilim va malakasiga ishonib keladi. Mamlakatimizning eng katta boyligi - yoshlar", – dedi Shavkat Mirziyoev.






