AsosiyJamiyat

Endi davlat aholidan elektr energiyasi sotib oladi

'Endi davlat aholidan elektr energiyasi sotib oladi'ning rasmi

Ma`lumki, davlat rahbari ayni paytda vodiy viloyatlarida bo`lib turibdi.

Shavkat Mirziyoev 1 fevral kuni Andijon tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta`minlash choralari bo`yicha yig`ilish o`tkazildi.

Mamlakat iqtisodiyoti va aholi o`sishi bilan elektr iste`moli ham kundan-kunga oshmoqda. So`nggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1 million 200 mingtaga ko`paydi, korxonalar soni esa 260 mingtaga etgan. Bular elektr energiyasiga bo`lgan talabni 35 foizga oshirdi. Xususan, Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko`paygan.  

– Bunday sharoitda eng to`g`ri echim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko`paytirish, – dedi Shavkat Mirziyoev. 

Shu bois yig`ilishda quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga e`tibor qaratildi.

Bu yil Pop va Farg`ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg`onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor.

Davlatimiz rahbari yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan o`zini o`zi ta`minlashga o`tkazish kerakligini ta`kidladi. 

Ijtimoiy ob`ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag` beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o`zi o`rnatadi hamda byudjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy ob`ektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi.

Energiya resurslarini iqtisod qilish choralari ko`rsatib o`tildi. Aholining quyosh energiyasidan foydalanishi uchun jozibador tizim yaratish vazifasi qo`yildi. 

Yig`ilish kun tartibidagi ikkinchi masala kambag`allikni qisqartirish va aholi bandligini ta`minlash haqida bo`ldi. 

Ma`lumki, bu borada viloyatlarga zarur sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, 31 yanvar kuni imzolangan Prezident qaroriga ko`ra, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlarga Andijon viloyatiga 1,1 trillion so`m ajratiladi. 

So`nggi ikki yilda aholiga dehqonchilik uchun 8 ming gektar hosildor ekin erlari berilgan, 2023 yilda yana 10 ming gektar er tarqatiladi. Mahallalarda sanoatni rivojlantirish uchun 36 ta mikromarkaz tashkil etiladi. 

Davlatimiz rahbari ishbilarmon va mehnatsevar odamlar yurti bo`lgan Andijonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligini ta`kidladi. 

Darhaqiqat, bu yil viloyatda 800 million dollarlik 235 ta investisiya loyihasi yakunlanib, 40 ming kishi ish bilan ta`minlanadi. Aholiga ajratiladigan 10 ming gektarda 75 mingta doimiy va 200 mingta mavsumiy ish joyi ochiladi.

Bundan tashqari, endilikda, aholiga quyosh energiyasidan foydalanish uchun jozibador tizim yaratiladi.

Vodiydan boshlab, xonadonlarda ishlab chiqarilgan va tarmoqqa uzatilgan har bir kilovatt soat uchun 1 ming so`mdan hisob-kitob qilinadi (hozir 295 so`m).

Ya`ni siz xonadoningizga quyosh paneli o`rnatsangiz, ehtiyojingizdan ortib qolgan elektrni 1 ming so`mdan davlatga sotasiz.
Ma`lumot uchun, davlat aholiga elektr energiyasini 295 so`mdan sotadi.

    Boshqa yangiliklar