Ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod tumanida o`qituvchilarga hokimlikda bo`lib o`tgan yig`ilishda soliq yig`imlarini yig`ish bo`yicha topshiriq berilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Hokimlik tarqalgan xabarlarni rad etdi.
"Odatda hokimlikda hokimlik mas`ullari, tumandagi tashkilotlar rahbarlari shuningdek, xalq ta`limi bo`limi rahbarlari ishtirokida soliq tushumlarini o`z vaqtida yig`ish va soliq madaniyatiga amal qilish bo`yicha tadbirlar o`tkazilib turiladi. Bunday tadbirlarda tumanda soliq madaniyatiga amal qilish bo`yicha doimiy targ`ibotlar, tushuntirishlar olib borish xususida takliflar beriladi.
Biroq bunday tadbirlarning hech birida o`qituvchilar qatnashmagan va o`qituvchilarga soliq yig`imi bo`yicha topshiriqlar berilmagan. O`qituvchilarning uyma-uy yurib soliq yig`imlarini yig`ish haqidagi topshiriq haqiqatga mos kelmaydi",-deyiladi hokimlik xabarida.