Xabaringiz bor, bugun Turkiyaning ko`plab mintaqalarida zilzilalar qayd etildi. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ko`ra, 2023 yil 6 fevral Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko`ra, mamlakatimizning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalariga zilzila oqibatida halok bo`lgan va jarohatlangan O`zbekiston fuqarolari bo`yicha ma`lumot kelib tushmadi.
Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda yuz bergan kuchli zilzilalar oqibatida ko`plab odam qurbon bo`lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko`rilgani munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anga hamdardlik yo`lladi.
Qayd etish lozim, Turkiyaga musobaqa va mashg`ulotlarga jo`nab ketgan O`zbekiston sport delegasiyasi a`zolariga zilzila oqibatida zarar etmagan. Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O`zbekiston Milliy Olimpiya Qo`mitasi hamyurtlarimiz bilan doimiy muloqotda bo`lib turibdi. Sportchilarimizning holati doimiy tarzda nazorat qilib borilmoqda.
Xususan, Erkin kurash bo`yicha O`zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyaning Kaxramanmarash shahrida 3-6 fevral kunlari o`tishi belgilangan xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan edi. Biroq mazkur hudud ayni paytda episentr markaziga aylanib qoldi. Ayni paytda O`zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi yordami bilan sportchilarimizni Anqara shahriga jo`natish choralari ko`rilmoqda. Shundan so`ng terma jamoamiz Anqara-Istanbul-Toshkent yo`nalishi bo`yicha mamlakatimizga qaytib keladi. Hozirda sportchi va murabbiylarning barchalari sog`-salomat.
Qolaversa, O`zbekiston futbol assosiasiyasi ham Turkiya yig`inida bo`lib turgan bir nechta futbol klublari va turli yoshdagi terma jamoalarimiz a`zolarining salomatligi yaxshiligi haqida rasmiy ma`lumot berdi.
O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada bo`lib turgan hamyurtlarimizga zarur hollarda mamlakatimizning Anqaradagi Elchixonasi (+90-312-441-38-71, +90-312-441-17-46) yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga (+90-212-323-20-37, +90-212-323-20-39) murojaat qilishlari mumkinligini ma`lum qildi.






