Sudlar har bir jinoyat ishi bo`yicha surishtiruv, tergov olib borish, shuningdek, sud muhokamasi davrida jinoyat-prosessual qonunining isbot qilishning umumiy shartlariga oid talablariga rioya qilinganligini sinchiklab tekshirishlari shart va uning natijasida shaxsga qo`yilgan ayblovi o`z isbotini topmasa, uni reabilitasiya qilishi darkor.
2022 yil davomida Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo`yicha sudlari tomonidan asossiz jinoiy javobgarlikka tortilgan 37 shaxs oqlangan.
Shu bilan birgalikda, 1381 shaxsga nisbatan 841 ta jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov organi tomonidan qo`yilgan ayblov o`zgartirilib hukm chiqarilgan. Shundan, 435 shaxsga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan shaxsning aybloviga qo`yilgan Jinoyat kodeksi moddasi to`liq chiqarilgan, 370 shaxsga – modda qismi yoki bandi chiqarilgan, 317 shaxsga aybloviga qo`yilgan JKning moddasi boshqa moddaga malakalangan, 577 shaxsga nisbatan aybloviga qo`yilgan ayblov moddaning boshqa qismi yoki bandiga o`zgartirilgan.
Dastlabki tergov organi yoki sud davomida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan 474 shaxs sud zalida qamoqdan ozod etilgan.
105 shaxsga nisbatan jazo tayinlanmasdan hukm chiqarilgan, 46 shaxsga shartli hukm chiqarilgan, 1007 shaxsga nisbatan 832 ta jinoyat ishi (shundan 925 shaxsga nisbatan 793 ta jinoyat ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan) tugatilib, jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
Jinoyat qonunchiligida jazoni o`tash davrida o`rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo`lgan mahkumlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalari tartibida insonparvarlik aktlarini qo`llash nazarda tutilgan.
2022 yil davomida Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo`yicha sudlari tomonidan jazoni o`tayotgan 1259 shaxsning (shundan 1213 nafar ozolikdan mahrum qilish jazosini o`tayotgan shaxs) jazolari JKning 74-moddasi tartibida engilrog`iga almashtirilgan.
O`zbekiston Respublikasi JKning 73-moddasi tartibida jami 2356 shaxs, shundan 147 shaxs muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini, 1121 shaxs axloq tuzatish ishlari jazosini, 687 shaxs ozodlikni cheklash jazosini, 401 shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.
O`. Mamadaliev,
Qashqadaryo viloyat sudi raisining o`rinbosari