1

​ER XOTINIGA MAHR BERMAY TURIB AJRAShIB KETSA...

Hidoyat sari 23.09.2016, 18:03
​ER XOTINIGA MAHR BERMAY TURIB AJRAShIB KETSA...

Savol:

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh. Mahrni keyinroq berish sharti bilan nikoh o`qilgan bo`lsa, lekin hali mahr berilmagan holda ikki tomon xohishi bilan to`ydan bir yil o`tib nikoh bekor qilinsa, mahr berish vojibligicha qoladimi? Ayol: “Menga mahr kerakmas, roziman”, desa ham baribir mahr berish majburiymi? Agar mahr ayol roziligi bilan berilmasa, yashab o`tgan bir yil zino bo`lib qolmaydimi?

 

Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosh imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o`g`li javob beradilar::

Va alaykumu salom va rahmatullohi va barokatuh. Erkak o`z xotini bilan ilk bor yolg`iz qolganda, ya`ni xilvati sahiha bilan mahr vojib bo`ladi. Bunda jinsiy yaqinlikka to`sqinlik qiluvchi biron omil bo`lmasligi, masalan er jinsiy ojiz yo bichilgan bo`lmasligi kerak. Demak, to`ydan keyin qiz va yigit yolg`iz o`zlari qolishsa, erning zimmasiga mahr berish vazifasi yuklanadi. 
     Agar oldindan mahr miqdorini tayin belgilamasdan nikohlangan ayol bo`lsa, bu holatda ayolga mahri misl berish erkak zimmasida vojib bo`ladi. Mahri misl degani bu o`sha nikohlangan ayolning yoshidagi, uning husnidagi va uning ijtimoiy holatidagi ayollarga odat bo`yicha necha pul mahr berilsa o`shancha miqdorda mahr beriladi. Bunda ayolning qarindosh urug`lari e`tiborli bo`ladi. Ya`ni kelin tomondagi ayollarning yuqoridagi holatlari hisobga olinib, ular odatda uzatilgan vaqtida qancha mahr olsalar o`shancha miqdorda mahr berish lozim bo`ladi. 
     Shuningdek, biror ayolga mahr bermaslikni shart qilgan holda uylanilsa, yoki ayolning o`zi qaysidir sabab bilan mahr so`ramasa va orada nikoh bo`lib, erxotin kabi yashasalar ham unday ayolga mahri misl berish vojib bo`ladi. Chunki, mahr bermaslik evaziga nikoh aqdini tuzish noto`g`ri hisoblanadi, binobarin, bunday shart hech qanday shar`iy kuchga ega bo`lmaydi. Va bunday holatda ham ayolga mahri misl berish vojib bo`ladi. 
     Agar belgilangan mahr fosid mahr bo`lsa, masalan, harom narsalar mahr sifatida belgilangan bo`lsa, bunda ham belgilangan mahr bekor bo`lib, mahri misl berish vojib bo`ladi. Agar oldindan mahr tayinlangan bo`lsa va ular hali biron marta yolg`iz qolmay turib taloq qilishga to`g`ri kelsa, u holda atalgan mahrning yarmini berish vojib bo`ladi. Agar ajrashish ayol sababidan bo`lsa ham mahrni berish lozim bo`ladi. 
     Shunday ekan, bir yil yashagan, ayoldan ozmi-ko`pmi manfaat olgan erkak unga mahrni berishi kerak. Garchi bundan keyin birga yashamasa ham. Ayol ajrashish alamidan “mahr kerakmas”, deb aytib yuborgan bo`lishi mumkin. Ammo erkak o`z nomiga munosib tarzda belgilangan mahrni chin dildan beradi. Zero, mahr o`sha ayolning haqqi. Bu haqqa hech kim daxl qila olmaydi. Shundan kelib chiqib, aytish lozimki, savoldagi holatda zikr qilingan ayolga mahri misl berish vojibdir. Mahri misl o`sha ayolning yoshi, sifatlari va mavqeiga o`xshash ayollarga odatda qanday miqdorda mahr berilsa, o`sha miqdordan kelib chiqib beriladi. Mahr berilmasdan yashagan yili zino bo`lmaydi, ammo, mahrni baribir kech bo`lsa ham berish shart bo`ladi. Vallohu a`lam.

         

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1