Yurtimizda fan olimpiadalarini ommalashtirish, maktab o`quvchilarining xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tizimli ishlar yo`lga qo`yilgan. Ayniqsa, o`quvchilarning aniq va tabiiy fanlar bo`yicha turli xorijiy davlatlarda o`tkazilayotgan xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtiroki yildan yilga ortib bormoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida” qaroriga asosan, xalqaro olimpiadalarda yuqori o`rinlarni egallagan o`quvchi-yoshlar uchun qator imtiyozlar ko`zda tutilgan.
Xususan, Xalqaro matematika olimpiadasi, Xalqaro fizika olimpiadasi, Xalqaro kimyo olimpiadasi, Xalqaro biologiya olimpiadasi g`oliblari davlat oliy ta`lim muassasalariga test sinovisiz va qo`shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.
Shuningdek, 2019/2020 o`quv yilidan boshlab, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 — 3 o`rinlarni egallagan ishtirokchilar o`z ixtisoslik fani bo`yicha davlat oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat bilan taqdirlanadi.
Mazkur qaror asosida xalqaro olimpiadalar g`oliblari va ularning o`qituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
- oltin medal bilan taqdirlangan o`quvchilar — bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (150 mln) hamda ularning o`qituvchilari — bazaviy hisoblashning 450 baravari (135 mln) miqdorida;
- kumush medal bilan taqdirlangan o`quvchilar — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari (90 mln) va ularning o`qituvchilari — bazaviy hisoblashning 250 baravari (75 mln) miqdorida;
- bronza medal bilan taqdirlangan o`quvchilar — bazaviy hisoblash miqdorining 200 (60 mln) baravari va ularning o`qituvchilari — bazaviy hisoblashning 150 baravari (45 mln) miqdoridagi pub mukofotlari bilan taqdirlanib kelinmoqda.
Mamlakatimizda o`tkazilayotgan asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g`oliblarining o`qituvchilari ham turli miqdordagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanib kelinmoqda. Jumladan:
1-o`rin uchun — bazaviy hisoblashning 50 baravari (15 mln);
2-o`rin uchun — bazaviy hisoblashning 35 baravari (10,5 mln);
3-o`rin uchun — bazaviy hisoblashning 30 baravari (9 mln) miqdoridagi mukofotlarni olib kelishmoqda.
Xalqaro olimpiadalar g`oliblarini tayyorlagan o`qituvchilar va ta`lim muassasasi direktorlari ham navbatdagi o`quv yili uchun direktor jamg`armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo`yicha 200, 175 va 150 foizlik ustama to`lash amaliyoti joriy etilgan.
Shuningdek, ta`lim muassasalarida o`qituvchi bo`lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g`oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g`oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to`lab kelinmoqda.
So`nggi yillar tarixiga e`tibor bersak, yurtimiz o`quvchilarining turli fan olimpiadalaridagi ishtiroki yildan yilga ortib borganligini kuzatish mumkin. E`tiborlisi, 2022 yildan boshlab o`quvchilarni nufuzli xalqaro olimpiadalarga tayyorlash va ularga zarur bilim va ko`nikmalarni o`rgatish maqsadida alohida tayyorlov dasturi amaliyotga joriy etildi.
Eng muhim qadam sifatida, ishtirokchi o`quvchilarning xalqaro fan olimpiadalarga tayyorlash jarayonlari ilk bora poytaxtimizdagi “O`zbekiston” mehmonxonasida olib borildi. Bu tayyorlovda 17 nafar o`quvchilardan iborat O`zbekiston terma jamoasi a`zolari va hamda kelgusi yillar uchun rezervga kiritilgan hamda saralash olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar 9-10-sinf o`quvchilari ishtirok etishdi.
Ularga matematika, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya davlatlari terma jamoalarini xalqaro olimpiadalarga tayyorlashda bevosita ishtirok etib kelayotgan
6 nafar xorijiy trener-o`qituvchilar hamda turli yillarda xalqaro olimpiadalarda medallarni qo`lga kiritgan yurtdoshlarimiz puxta bilim berishdi. Bu vaqt davomida ushbu mutaxassislar tomonidan o`quvchilar ishtirokida turli nazariy va amaliy mashg`ulotlar olib borildi.
Mazkur tajriba yo`lga qo`yilishining yana bir muhim ahamiyati, o`quvchilarning ruhiy tayyorgarligini oshirish barobarida ishtirokchilar uchun shu erning o`zida xalqaro olimpiada muhitini yaratishdan iboratdir. Bu esa olimpiada imtihonlari jarayonida yurtimiz ishtirokchilarining ruhiy ustunligi va ichki xotirjamligini ta`minlaydi.
Aytish lozimki, o`zbekistonlik maktab o`quvchilari 2017 yildan boshlab xorijiy davlatlarda o`tkazib kelinayotgan eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarda (IMO, ICHO, IBO, IPHO, IOI) ham munosib ishtirok etib, yuqori o`rinlarni egallab kelishmoqda.
Jumladan, 2017-2022 yillar davomida o`tkazilgan hamda nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 13 ta kumush va
20 ta bronza, jami 37 ta medalni qo`lga kiritishgan.
Agar bu natijalarni yillar ko`rsatkichi bo`yicha tasniflasak, 2017 yilda — 1 ta kumush, 3 ta bronza, 2018 yilda — 3 ta bronza,
2019 yilda — 2 ta kumush, 6 bronza, 2020 yilda — 1 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza, 2021 yilda — 3 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronza hamda 2022 yilda — 4 ta kumush, 2 ta bronza medallarini tashkil etadi.
Ma`lumot uchun 2022 yilda nufuzli xalqaro olimpiadalarda fanlar kesimidagi natijalar:
- Norvegiyada o`tkazilgan 63-Xalqaro matematika olimpiadasida 1 ta bronza;
- Xitoyda o`tkazilgan 54-Xalqaro kimyo olimpiadasida 4 ta kumush; Armanistonda o`tkazilgan 33-Xalqaro biologiya olimpiadasida mamlakatimiz o`quvchilari 1 ta bronza
Ko`rinib turibdiki, yurtdoshlarimizning nufuzli xalqaro olimpiadalardagi ishtiroki va qo`lga kiritgan yutuqlari yildan yilga ortib bormoqda.
Shuningdek, o`zbekistonlik yoshlar nufuzli xalqaro olimpiadalardan tashqari mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda ham keng qamrovda ishtirok etib kelmoqda. 2017 yilda mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda jami 37 nafar o`quvchi ishtirok etgan bo`lsa, 2022 yilda bu ko`rsatkich 308 nafarga etdi, bu ham mamlakatimizda iqtidorli o`quvchilarning ilm-fanga qiziqishining ortganidan, ta`lim sohasiga berilayotgan yuksak e`tibordan dalolat beradi.
Eng so`nggi ko`rsatkich sifatida 2022 yilda o`zbekistonlik o`quvchilarning turli xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini tahliliy keltirib o`tish joizdir. O`tayotgan 2022 yil davomida yurtimizdagi iqtidorli o`quvchilarning turli mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etishdi hamda 6 ta mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda umumiy hisobda 3 ta oltin, 13 ta kumush, 23 ta bronza jami 39 ta medallarni qo`lga kiritishdi. Jumladan:
Qozog`istonda o`tkazilgan 18-Xalqaro Jautikov olimpiadasida(IZHO) 2 ta kumush, 6 ta bronza;
Adigeya Respublikasida o`tkazilgan 7-Kavkaz matematika olimpiadasida 1 ta oltin, 5 ta kumush, 1 ta bronza;
O`zbekistonda o`tkazilgan Kimyo fani bo`yicha 56-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida 1 ta oltin, 4 ta kumush, 5 ta bronza;
Indoneziyada o`tkazilgan 28-Xalqaro matematika olimpiadasida 2 ta bronza medaliga ega bo`lishdi.
Ahmad al-Farg`oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasida 1 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronza;
Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida(IJSO) 4 ta bronza medallari qo`lga kiritilgan.
Bundan tashqari:
- Indoneziyada o`tkazilgan 34-Xalqaro informatika olimpiadasida;
- Shveysariyada o`tkazilgan 52-Xalqaro fizika olimpiadasida;
- Germaniyada o`tkazilgan Xalqaro Nemis tili olimpiadasida;
Xitoyda o`tkazilgan Xalqaro iqtisod olimpiadasida O`zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Aytish joizki, so`nggi yillarda mamlakatimizda Fan olimpiadalari yo`nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Olimpiadalarda g`olib bo`layotgan o`quvchi va ularning ustozlarini rag`batlantirish maqsadida katta mablag`lar yo`naltirilmoqda. Xususan Nufuzli xalqaro olimpiadalarda sovrindor bo`lgan o`quvchilar va ularning ustozlari uchun 2019 yildan buyon 4,1 mlrd so`mlik pul mukofotlari ajratildi.
2021/2022 o`quv yilidan boshlab Mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalari asosiy olimpiadaning Respublika bosqichiga tenglashtirilgan va g`oliblikni qo`lga kiritgan o`quvchilar va ularning ustozlari Respublika olimpiadasi sovrindorlari kabi rahbatlantirilishi yo`lga qo`yildi, birgina o`tgan o`quv yilida mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalarida g`oliblikni qo`lga kiritgan 39 nafar o`quvchi va ularning ustozlarini rag`batlantirish uchun 470 mln so`m miqdorida pul mukofotlari berildi.
Bundan tashqari 2021/2022 o`quv yilidan boshlab asosiy fan olimpiadasining III(viloyat) bosqichi g`oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash hukumatning tegishli qarori bilan amaliyotga joriy qilindi.
2021/2022 o`quv yilidan viloyat bosqichi g`oliblariga 2,4 mlrd so`m ajratilgan bo`lsa, 2022/2023 o`quv yilida qariyb 3 mlrd so`m byujdjet mablag`lari yo`naltirildi.
Respublika bosqichida g`oliblikni qo`lga kiritgan o`quvchilar va ularning ustozini rag`batlantirish uchun 2,9 mlrd so`m pul mablag`lari va 500 so`mlik qimmatbaho sovg`alar ajratildi
Qolaversa, asosiy olimpiadaning viloyat va respublika bosqichida, xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan O`zbekiston terma jamoasini saralash bosqichlarida ishtirok etadigan hakamlar hay`ati a`zolariga ish haqi to`lash yo`lga qo`yildi.
Bu maqsadda 2021/2022 o`quv yilida qariyb 1,8 mlrd so`m, 2022/2023 o`quv yilining hozirgi kuniga qadar 2 mlrd so`m mablag`lar yo`naltirildi. Avvallari hakamlar hay`ati a`zolari tekinga faoliyat yuritgan bo`lib, ishlar "hashar yo`li" bilan tashkil qilinganligini ham aytib o`tish joizdir.
Albatta, ushbu yutuqlar ortida katta mehnat va harakat mujassam. Xoh mahalliy, xoh xalqaro darajada bo`lsin, olimpiada musobaqalarida munosib o`rin egallash ham ishtirokchi o`quvchilardan, ham ularning ustozlaridan katta harakat va bilim talab etadi.
Shu o`rinda aytish lozimki, chet ellik yoshlarning o`zbek tili va adabiyotiga bo`lgan qiziqishini oshirish, o`zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini yuksaltirish maqsadida yurtimizda ilk bora Xalqaro o`zbek tili va adabiyoti fan olimpiadasi o`tkazildi.
15-17 yosh o`quvchilar o`rtasida o`tkazilgan ushbuonlayn olimpiadada AQSh, Afg`oniston, Belorussiya, Rossiya, Ukraina, Qozog`iston va Qirg`iziston davlatlari hamda yurtimizdagi ta`lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablarda tahsil olayotgan o`quvchi-yoshlar ishtirok etishdi.
Olimpiada natijalariga ko`ra, xorijiy fuqarolar va mamlakatimiz o`quvchilari alohida tartibda baholandi va har bir yo`nalishning 1-,2-,3-o`rinlari bo`yicha 6 nafardan, jami 12 nafar g`olib aniqlandi hamda munosib taqdirlandi.
Joriy yilda ham o`quvchilarning turli olimpiada musobaqalariga keng jalb etish bo`yicha zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, xalqaro darajada o`tkaziladigan mintaqaviy va nufuzli olimpiadalarda o`zbekistonlik o`quvchilar ishtirokini yanada kengaytirish, 7-8 sinf o`quvchilari o`rtasida Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasini tashkil etish ko`zda tutilgan.
Ayni vaqtda ushbu musobaqalarni keng miqyosda tashkillashtirish va yuqori saviyada o`tkazish maqsadida barcha zarur choralar ko`rilmoqda.






