Ijtimoiy tarmoqlarda Otchopardagi otlar nobud bo`lishi bilan bog`liq xabarlar tarqaldi. Milliy gvardiya holat bo`yicha rasmiy munosabat berdi.
Unga ko`ra, Chilonzor tumani huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi va Milliy gvardiya tomonidan hayvonlarni xavfli vaziyatda qoldirilishi oqibatida ikki bosh otning nobud bo`lishi hamda qolgan otlarning holsizlanishiga sabab bo`lganligi yuzasidan barcha fakt va omillar hisobga olinib, tekshiruv o`tkazildi.
Yakuniy tekshiruv natijalariga ko`ra, otlarning holsizlanishi va nobud bo`lishida aybdor bo`lgan shaxslar – 1958-yilda tug`ilgan S.A. va 1958-yilda tug`ilgan U.A.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 111-moddasi, 1-qismida (“Hayvonlarga nisbatan shavqasiz munosabatda bo`lish”) nazarda tutilgan huquqbuzarlik bo`yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi va ularning har biriga 900 ming so`mdan jarima solindi. Bundan tashqari, Otchopar rahbariyatini almashtirish masalasi ham ko`rib chiqilmoqda.






