1

Ikki suxan oshig`i musohabasi

Moziydan sado 26.09.2016, 13:32
Ikki suxan oshig`i musohabasi

XU asrda yashagan buyuk sharq shoirlari Mavlono Lutfiy (1366-1465) va Abdurahmon Jomiy (1414-1492) o`rtasida o`zaro hurmat va ijodiy muloqot mavjud edi.  

Qasida evaziga eski to`n
Lutfiy  ancha keksayib qolgan – to`qson yoshlarga etgan chog`ida Jomiyga fors tilida bir qasida yozadi. U shunday boshlanar edi:

      Zihi hadisi labat quvvatu ruhu jon suxan,
      Guli ruxat chaman oroi bo`ston suxan.

Mazmuni:
      Labingdan chiqqan iboralar ruhning ozig`i, so`zning joni,
      Yuzing guli so`z bo`stonining zebu ziynatidur.

Abdurahmon Jomiy mazkur qasidani eshitgach unga munosib javob she`rini aytishga shu asnoda ojiz ekanligini va kelgusida albatta Mavlono Lutfiyga  ham qasida bag`ishlashini aytadi. 

Shunda Lutfiy: “Sizga oson bo`lishi uchun bizning qasida badaliga kiygan eski to`ningiz kifoyadir”,– deydi va hazrat Jomiy xursandlik bilan o`z egnidagi to`nini echib Lutfiyga kiydiradi. 

Sharqona odatga ko`ra o`z ustidagi kiyimini echib eng yaqin va hurmatga sazovor kishiga kiydirish, ya`ni tuhfa qilish, shu bilan birlikda o`zi qadrlab, hurmat qilgan kishisining kiyimini so`rab olib, tabarruk qilib kiyish o`sha odamga nisbatan yuqori hurmat ramzi hisoblanadi. 

Hazrat Navoiyning ehtiromi
Ma`lumki, g`azal mulkining sultoni har ikki buyuk shoir Mavlono Lutfiy va Abdurahhmon Jomiyni o`ziga ustoz deb bilgan. Ular har ikkisiga bag`oyat yuksak ehtirom bilan qaragan. 

Navoiyning bolalik paytida uning birgina baytini o`qib, bo`ljak shoirning iste`dodiga tan bergan mavlono Lutfiy o`zining turkiy va forsiyda bitilgan 12 ming baytini shu birgina baytga alishmoqchi ekanini aytgan. Bu baytni ko`pchilik yaxshi bilsa kerak:

Orazin yopqochs ko`zimdin sochilur har lahza yosh,
Bo`ylakim paydo bo`lur yulduz, nihon bo`lg`och quyosh.

Navoiy ham Mavlono Lutfiyning ijodidan bahra olib, uni turkiy she`riyatda malikul-kalom (so`z mulkining sultoni) deya ulug`lagan. Shu bildan birgalik Abdurahmon Jomiy haqida “Hamsa”ning har bir dostonida alohida to`xtalib o`tgan. Navoiy o`z ustozini “pok farjomu, pokfar Jomiy”  (nihoyasi pok va nurlari pok” deya ta`riflagan. 

Alisher Navoiy o`zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida ikki ijodkor o`rtasidagi  do`stlikning bu sahifasini samimiy hurmat va hayrat bilan tasvirlab o`tgan edi. 

Tugallan(ma)gan g`azal

Mumtoz adabiyotda tazmin degan janr bor. Unga ko`ra, birshoir boshqa bir shoirning matlaini olib, shunga mos tarzda yangi g`azal yaratishi mumkin. 

Mavlono Jomiy o`z umrining so`ngi paytlarida (shoir hijriy 897, melodiy 1465 yilda to`qson to`qqiz yoshida vafot etgan) yana  Abdurahmon Jomiyga murojaat qilib: “Agar mening bu bir necha matlaimni hazrat g`azal qilib o`z oliy devonlarig`a kiritsalar yaxshi bo`lar edi, vaqt menga vafo qilmadiki toki ularni durustroq g`azal qilsam edi yaxshi bo`lar edi”,–deydi. 

Abdurahmon Jomiy shoirning bu iltimosini bajo keltiradi. Mavlono Lutfiy yakunlay olmagan forsiy g`azalning dastlabki bayti quyidagicha edi: 

Gar kori dili oshiq bo kofiri Chin aftad,
Beh, z-on  ki badxo`i bemehri chunin aftad.

Mazmuni:
          Gar oshiqi zor ko`ngli Chin dilbariga tushgay,
          Badxo`ligida andin boz badtariga tushgay.

Abdurahmon Jomiy esa, mazkur matla`ni quyidagi misralar bilan davom ettiradi:

Joeki buvad tobon, xurshed, makun javlon,
Hayfastki az on bolo soya ba zamin aftad...
Jomiy chu suxan ronat az la`li shakarborat,
Dar domanash az diyda durhoi samin aftad.

Mazmuni:
          Ul joyki charog`ondur, xurshedga ne javlondur,
          Hayfdurki yuqoridin nur er sorig`a tushgay...
          Jomiyki so`z ayturda, la`ling havasi birla,
          Ko`z yoshi oqib durdek etaklariga tushgay.

Ha, ulug`lar muloqoti ham ulug`chasiga bo`ladi. 
Ikki buyuk so`z ustasi o`rtasidagi bu ijodiy musohaba milliy adabiyotimiz tarixining bilag`on mutaxassisi E.Ahmadxo`jaevning 1991 yilda “FAN” nashriyotida bosilgan “Mavlono Lutfiy” risolasida batafsil keltirib o`tilgan.

M.Xudoyqulov tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1