AsosiyJamiyat

Toshkentda 20-28 fevral “Inson huquqlari haftaligi” bo`lib o`tadi

'Toshkentda 20-28 fevral “Inson huquqlari haftaligi” bo`lib o`tadi'ning rasmi

Joriy yil 15 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi majlislar zalida O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichini amalga oshirish bo`yicha Milliy komissiyaning yig`ilishi bo`ldi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevralda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash masalasi muhokama qilindi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichini amalga oshirish bo`yicha Milliy komissiya a`zolari ishtirok etdi. Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda, shuningdek, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, Oliy sud va Bosh prokuratura, vazirlik va tashkilotlar, agentlik va muassasalar rahbarlari, oliy o`quv yurtlari rektorlari hamda ommaviy axborot vositalari namoyandalari qatnashdi.

O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichini amalga oshirish bo`yicha

Milliy komissiya raisi A.Saidov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning  2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan ikkita muhim hujjat – O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturi va uni amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlanganiga e`tiborni qaratdi. Ushbu hujjatlar ijrosini o`z vaqtida, to`liq va samarali tashkil qilish zarurligi ta`kidlandi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirining birinchi o`rinbosari K.Karimov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining o`rinbosari D.Kattaxonova va boshqalar so`zga chiqdi. Ishtirokchilar Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi doirasida 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni o`tkazish bo`yicha Dastur loyihasi haqida to`xtalib, haftalikni yuqori saviyada tashkil etish borasida o`z takliflarini bildirdilar.

Yig`ilish yakunida “Inson huquqlari haftaligi”ni o`tkazish bo`yicha Dastur tasdiqlandi. Dastur 22 ta banddan iborat bo`lib, jumladan, brifing, matbuot anjumani va davra suhbatlari, turli tanlov va taqdimotlar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar, ekspertlar muloqoti va ilmiy-amaliy konferensiyalarni o`zida jamlagan.

Inson huquqlari haftaligi Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o`tkaziladi. Tadbirlar mamlakatimizning butun hududida – Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda bo`lib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar