17 fevral kuni misrlik xonanda va bloger Mustafo Abu Ravash hamda uning ijodiy hamkori Rasha N.M.Radva O`zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad yurtimiz madaniyati va turizm salohiyatini Misr davlatida keng targ`ib etish orqali Arab mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishdir.
"O`zbekistonga birinchi marta kelishim. Maqsadim xalqingizning turmush tarzi bilan tanishish, o`zim uchun yangiliklarni kashf qilish, — dedi Mustafo. — Yutub orqali yurtingizning ob-havosi, muzeylari haqidagi qiziqarli videolarni tomosha qilgandim. Endi esa bularga o`z ko`zim bilan guvoh bo`lmoqchiman. Ta`kidlashim kerakki, O`zbekistonning ob-havosi, urf-odatlari, va, ayniqsa, milliy taomlari ajoyib".
aytilishicha, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yurtimizning diqqatga sazovor qadimiy va tarixiy maskanlariga sayohat qilishadi. Shuningdek, misrlik xonanda O`zbekistonda bir qator videokliplar suratga olishni ham rejalashtirgan.
Misrlik blogerlar O`zbekistonning o`ziga xos iqlimi, boy madaniy me`rosi, xalqlarimiz orasidagi o`xshash urf-odatlar va eng asosiysi bir-birini takrorlamaydigan 4 ta faslga ega ekanligini alohida e`tirof etishdi.
Bundan tashqari, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva o`zbekistonlik san`at sohasi vakillari bilan hamkorlik o`rnatish va ular bilan kelgusida ko`plab yangi ijod namunalari yaratishni niyat qilishgan.
Ma`lumot uchun, Mustafo Abu Ravash nafaqat Misrda, balki butun dunyoda katta auditoriyaga ega. Xususan, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini 6 millionga yaqin obunachi kuzatib boradi.






