O`zbekistonda issiqxonalar, korxonalar, ijtimoiy ob`ektlarning bir qismi gazdan ko`mirga o`tkaziladi. Bu haqda “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident qarorida belgilandi.
Hujjatga ko`ra, 2023 yilda 5407 ta ijtimoiy ob`ekt, 1 147 ta issiqxona, 250 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona isitish tizimi ko`mir yoqilg`isiga o`tkaziladi.
Isitish tizimi tabiiy gazdan ko`mir yoqilg`isiga o`tkaziladigan ijtimoiy ob`ektlarning 2229 tasi bolalar bog`chasi, 2432 tasi xalq ta`limi ob`ektlari, 746 tasi sog`liqni saqlash muassasalaridir. Ularni isitish uchun qo`shimcha 184 455 tonna ko`mir talab etiladi.
Xususan, Toshkentda 20 ta maktab isitish ko`mir yoqilg`isiga o`tkaziladi: Bektemir tumanida 4 ta, Mirzo Ulug`bekda 2 ta, Sergelida 6 ta, Yangihayotda 5 ta va Yashnobodda 3 ta maktab. Buning uchun qo`shimcha 600 tonna ko`mir talab etiladi.
Ushbu maktablarni ko`mirga o`tkazishga poytaxt hokimi o`rinbosari Shohrux Rahimjonov, tuman va shahar hokimliklarining qurilish masalalari bo`yicha o`rinbosarlari mas`ul bo`ladi.






