Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahrida “Xitoy – ShHT namunaviy hududi marvaridi” nomli xalqaro namoyish markazi hududida mamlakatimiz savdo nuqtasi ochildi. Majmuadan ShHTga a`zo boshqa davlatlar paviloni ham joy olgan. Bu haqda UzA xabar berdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda mahalliy hukumat ma`muriyati, ishbilarmon doira vakillari, Tijorat vazirligi hududiy bo`linmasi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydagi elchixonalari vakillari qatnashdi.
O`zbekiston ko`rgazmasi peshtaxtasiga mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar – meva sharbati, tabiiy asal, quritilgan meva, ma`danli suv, za`faron, qandolat, to`qimachilik va charm-sanoat mahsulotlari, kabel-o`tkazgich, milliy hunarmandlik namunalari qo`yilgan.
Ma`lumot o`rnida aytish kerak, milliy uslubda ishlangan, 600 kvadrat metrli O`zbekiston savdo hududi markazida qad ko`targan Sohibqiron Amir Temur haykali, Registon majmuasidagi Mirzo Ulug`bek madrasasi, Buxoroning “Minorai kalon”i ramzi mehmonlarda iliq taassurot qoldiryapti.
Pavilonning ichki devorida respublikamizning boy tarixi, madaniyati, bugungi taraqqiyoti, turizm salohiyati hamda O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi hamkorlik jarayoni to`g`risidagi axborot aks etgan.
Eslatib o`tamiz, Sindao shahrida “Xitoy – ShHT” mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan pilot hududi tashkil etish tashabbusi tashkilotga a`zo davlatlar rahbarlarining 2018 yil o`tkazilgan 18-sammitida Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan.
“Xitoy – ShHT namunaviy zonasi marvaridi” deb nomlangan majmuaning umumiy maydoni 168 ming kvadrat metr. Markaz “Bir makon, bir yo`l” tashabbusi ishtirokchilari va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar uchun to`lovsiz ko`rgazma namoyish etish, mahsulot savdosini amalga oshirish, yirik anjuman va uchrashuvlar o`tkazish imkonini beradi.
Maydon O`zbekistonning ShHT davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika tizimi hamkorligini yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim amaliy ahamiyatga ega.
Darvoqe, Sindao Osiyo-Evropa trans qit`aviy yo`lagining sharqiy bandargohi, Xitoyning dengizga tutash o`n to`rtta yirik shahridan biri hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining ushbu mamlakatdagi vakili Jamshid Sulaymonovning so`zlariga ko`ra, Sindao shahridagi «Shanxay hamkorlik tashkiloti namunaviy zonasi»da ochilgan O`zbekiston paviloni yurtimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportyorlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Rejaga ko`ra, yiliga bir necha milliondan ziyod odam ko`rgazmaga kiradi, mahsulotlar bilan yaqindan tanishadi, xarid qilish imkoniga ega bo`ladi. Demak, mazkur tadbir mahsulotlarimiz yanada tanilishi, respublikamiz eksport miqdori oshishiga xizmat qiladi






