AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Qohiradagi Ahmad Farg`oniy haykali poyiga gulchambar qo`ydi

'Shavkat Mirziyoev Qohiradagi Ahmad Farg`oniy haykali poyiga gulchambar qo`ydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifini Ahmad Farg`oniy merosi ziyoratidan boshladi.

Ma`lumki, bu buyuk vatandoshimiz o`z davrining etuk astronomi, matematigi va geografi bo`lgan, Bag`dod va Damashqda ilmiy tadqiqotlar o`tkazgan, 856 yildan esa Qohirada yashab, umrining so`nggiga qadar Misrda ilm-fan bilan shug`ullangan.

Olim ko`plab muhim kashfiyotlar qilgan. Jumladan, 861 yilda Nil daryosidagi Ravza orolida suv sathini o`lchaydigan inshoot barpo ettirgan. “Miqyos an-Nil” nomi bilan mashhur bu qurilma qishloq xo`jaligi va iqlimni baholashda juda muhim bo`lgan. Qariyb 1200 yil davomida inshootdan o`tgan asrgacha uzluksiz foydalanilgan. Bugungi kunda esa u turistik maskanga aylantirilgan.

2007 yilda Miqyosi Nil yaqinidagi xiyobonda Ahmad Farg`oniyga haykal o`rnatilgan. Prezidentimiz uning poyiga gulchambar qo`yib, mutafakkir bobomizning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

So`ng davlatimiz rahbari Miqyosi Nil inshootini ko`zdan kechirdi, uning tarixi, Ahmad Farg`oniy ilm-fanga qo`shgan hissasi haqida olimlar bilan suhbatlashdi. Ulug` allomaning hozirgacha saqlanib kelayotgan merosi, umuman, o`zbeklarning Misr tarixidagi o`rni xalqlarimiz o`rtasidagi azaliy do`stlikdan dalolat berishi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar