Rasmiy tashrif bilan Qohirada bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Misr sivilizasiyasi milliy muzeyiga tashrif buyurdi.
Hozirda Qohiraning tarkibiga kirgan qadimiy Fustat shahrida joylashgan muzey Misrning boy tarixidan hikoya qiluvchi noyob eksponatlar to`plamiga ega. Bu erda qadim zamonlardan to hozirgi kungacha bo`lgan davrni o`z ichiga olgan 50 mingdan ortiq ashyolar, jumladan, fir`avnlar mumiyolari, hukmdorlar taxtlari va haykallari, zargarlik buyumlari, shuningdek, uy-ro`zg`or va hunarmandchilik buyumlari ko`rgazmaga qo`yilgan.
Davlatimiz rahbari ekspozisiyaning Qadimgi, O`rta va Yangi hukmdorlik, yunon, O`rta asr va islom davrlariga oid qator xronologik va tematik bo`limlari bilan tanishdi.
Prezident Misr zaminida bir-birini almashlab kelgan turli sivilizasiyalarning yodgorliklarini katta qiziqish bilan ko`zdan kechirar ekan, tarix va madaniyat birdek buyuk merosga ega xalqlarimizni yaqinlashtirishning muhim vositasi ekanini ta`kidladi.
Misr tomoni vakillari, o`z navbatida, O`zbekiston rahbariga muzeyga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni bog`lab turuvchi mushtarak jihatlar ko`pligi, bu do`stlik va o`zaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta`kidladilar.
Shu ma`noda, ikki mamlakat muzeylari va tarixchilari o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, umumiy merosimizni birgalikda o`rganish, o`zaro ko`rgazmalar, madaniyat kunlarini tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.
Prezidentimiz muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi.