Qonliko`l tumani hokimligi tumandagi «Yangi O`zbekiston» massivida qurilayotgan besh qavatli uyning zinasi qulab tushgani ayrilgan xabalarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qonliko`l tumani "Navro`z" MFY hududidagi "Yangi O`zbekiston" massividagi besh qavatli uyning zinasi qurilganidan keyin qulab tushgani ma`lum bo`ldi. Tuman hokimiyatining ma`lum qilishicha, ushbu zinalar "Taqiyatas Tau-Kita" temir-beton zavodi tomonidan tegishli shartnoma asosida etkazib berilgan.
Qurilishga mas`ul "Imarat Qurilis konstruksiya" MChJ rahbari Maqset Bekimbetovning aytishicha, ushbu binoda 2022 yil may oyida qurilish ishlari boshlangan. 2023 yil 3 fevral kuni binoning 3-qavatiga zinalar o`rnatilgan. 7 fevral kuni ularda yoriq hosil bo`lib, qulab tushgan.
"Bizga zinalarni etkazib bergan korxona rahbarlarini chaqirib, holatni ko`rsatdik. Shartnomalari bor. Pullari bank kreditlari orqali to`langan. Boshqa pod`ezdlarga ham ushbu zinalar qo`yilgan edi. Ko`p vaqt o`tmay, ular ham yorilishni boshladi. Ularni ham zavod mas`ullariga ko`rsatib, olib tashladik. Ularni almashtirib, umumiy 9 zinani yangidan qurib beradigan bo`ldi", — deydi Maqset Bekimbetov.
Voqea sabab jabrlanganlar yo`q. Holat bo`yicha prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan o`rganish ishlari olib borilmoqda.






