Toshkent shahrida qo`shnisini do`pposlab, bezorilik qilgan 23 yoshli qiz 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy Sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2000 yilda tug`ilgan sudlanuvchi qiz Yangihayot tumanidagi mahalallarning birida yo`ldan o`tib ketayotgan qizni haqorat qilgan. Shundan so`ng, ular janjallashib ketgan.
“U qiz qo`shnim bilan turgan ekan. Ular bilan so`rashganimda qiz menga “derzkiy” muomala qildi. Ketayotgan joyimdan orqaga qaytib, undan nega bunday muomala qilayotganining sababini so`radim. U meni yomon gaplar bilan haqorat qildi. Juda zerikib qolibdi, borib urmoqchi bo`ldim”, deydi sudlanuvchi qiz.
Shundan so`ng, u jabrlanuvchiga tosh otgan. Otilgan tosh esa jabrlanuvchiga emas, bezorilikni oldini olayotgan 1972 yilda tug`ilgan ayolga borib tekkan.
Sudlanuvchining aytishicha, uni jabrlanuvchi urayotgan vaqtida yiqilib, yuzi qonab ketgan. Uyiga qaytib kirganida, uning onasi qonni ko`rib, jahli chiqqan va jabrlanuvchining uyiga qizi bilan borgan. U erda 23 yoshli qiz gultuvak, choynak-piyolalar va xonadon derazalarini sindirgan.
Ma`lum qilinishicha, bundan avval ham qiz ikki marotaba sudlangan.
Yangihayot tumani sudi tomonidan sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini manzil-koloniyada o`tash belgilandi.






