Hukumat qarori (73-son 21.02.2023 y.) bilan Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o`tkazish tartibi to`g`risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur nizom davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti, ilmiy faoliyat bilan shug`ullanuvchi muassasa (tashkilot)lar tomonidan sud ekspertizasi tadqiqotlari o`tkazilishi tartibi va shartlarini belgilaydi.
Nizomga ko`ra, quyidagi holatlarda sud ekspertiga ish materiallari yuzasidan tadqiqotlar o`tkazish taqiqlanadi:
- ️ish materiallari bo`yicha manfaatdor tomonlar bilan qarindosh bo`lganda;
- ️ish materiallari bo`yicha manfaatdor tomonlar bilan davlat sud-ekspertiza muassasasi hamda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbarlari, tarkibiy bo`linma boshliqlari va ularning yaqin qarindoshlari bo`lganda, bundan tadqiqotlar o`tkazuvchi yagona tashkilot bo`lgan holatlar mustasno;
- ️ish materiallari bo`yicha manfaatdor tomonlardan biri nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining mulkdori, muassisi, kuzatuv kengashi, ijro organi a`zosi, kreditori, sug`urtalovchisi hamda ularning yaqin qarindoshlari bo`lganda;
- ️ustav fondi (ustav kapitali)da nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining yoki sud ekspertining ulushi bo`lgan yuridik shaxsning xulosadan manfaatdorligi bo`lganda;
- ️tirik shaxsga nisbatan sud ekspertizasini o`tkazishda mazkur shaxsga uning tayinlanishidan oldin tibbiy yordam ko`rsatilganda. Mazkur cheklov sud-tibbiy yoki sud psixiatrik ekspertizalar shaxsni bevosita ko`rikdan o`tkazmasdan amalga oshirilgan hollarda ham amal qiladi;
- ️sud ekspertining xolisligiga va beg`arazligiga shubha tug`diradigan boshqa holatlar mavjud bo`lganda.
Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) asosida tadqiqotlarni o`tkazish muddatlari sud ekspertizalarining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga ko`ra 30 kun doirasida belgilanadi.