Avvalroq, Prezident raisligida raqamlashtirish bo`yicha 2023 yilgi vazifalar va rejalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Yig`ilishda IT sohada dasturiy mahsulot ishlab chiqarishda ham, eksportda ham hududlar kesimida nomutanosiblik kuzatilayotgani, asosiy qism Toshkent shahriga to`g`ri kelayotgani ko`rsatib o`tildi.
Salohiyati yuqori bo`lgan Navoiyda atigi 20 ming dollar, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bor-yo`g`i 170 ming dollarlik eksport bo`lgan. Qoraqalpog`iston va Surxondaryoda ham iqtidorli yoshlar ko`pligi, lekin ularga sharoit yo`qligi uchun IT xizmatlari rivojlanmayotgani ta`kidlandi.
Qoraqalpog`iston, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida haligacha IT parklar tashkil etilmagani tanqid qilinib, bu boradagi ishlarni jadallashtirishga topshiriq berildi.
Ko`rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Prezidentimiz yangi imkoniyatlarni ko`rsatdi.
Eng avvalo, raqamlashtirish bo`yicha Toshkentda sinovdan o`tgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi.






