AsosiyJinoyat

Farg`onadagi universitetda abiturientlar sun`iy ravishda imtihondan yiqitilgani aniqlandi

'Farg`onadagi universitetda abiturientlar sun`iy ravishda imtihondan yiqitilgani aniqlandi'ning rasmi

Viloyatdagi Jismoniy tarbiya va sport universitetida abiturientlarning to`plagan ballariga soxta o`zgartirish kiritilgan. Natijada, haqiqatda yuqori ball to`plaganlar imtihondan yiqilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg`ona filialida 2022/2023-o`quv yilidagi kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari bo`yicha o`rganish ishlari olib borilgan. Unga ko`ra, 356 nafar (shundan, qo`shilgan 322, kamaytirilgan 34) abiturientlarning haqiqatda to`plagan ballariga soxta yozuvlar kiritish orqali, yuqori ball to`plagan abiturientlarning talabalikka tavsiya etilmay qolinganligi aniqlangan.

Xususan, velosport yo`nalishida abiturient D.Bakirovning haqiqatda to`plagan 105,2 balli soxtalashtirilib, Davlat test markazining elektron ma`lumotlar bazasiga pasaytirilgan 67,4 ball kiritilishi oqibatida talabalikka tavsiya etilmagan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan 2022 yil 10 dekabrda Bosh prokuratura orqali Ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish Davlat komissiyasi raisiga xat kiritilib, unda idoralararo ishchi guruhi tuzilgan holda O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg`ona filialida o`tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalarini qayta ko`rib chiqish va natijasi bo`yicha taklif kiritish so`ralgan.

Shunga ko`ra, idoralararo ishchi guruhi tuzilib, har bir abiturientlarning natijalari qayta ko`rib chiqilgan va 145 nafari asossiz ravishda talabalikka qabul qilinmasdan qolganligi aniqlangan.

O`rganish natijalari 2023 yili 14 fevral kuni komissiya majlisida muhokama qilinib, yuqoridagi 145 nafar (3 nafar davlat granti va 142 nafar to`lov-kontrakt) abiturientlarni talabalikka tavsiya etish haqida qaror qabul qilingan.

Ushbu qarorga asosan filial direktorining 16 fevraldagi 10, 31 va 32-sonli buyruqlari bilan yuqoridagi 145 nafar abiturient talabalikka qabul qilinib, ularning buzilgan huquqlari tiklangan.

Yoshlar huquqlarini buzgan filialning sobiq direktori R.R. va qabul komissiyasi mas`ul kotibi M.M.ga nisbatan JKning 205-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

    Boshqa yangiliklar