AsosiyJamiyat

Toshkentda "Ryodan"ga qo`shilish shiorlari bilan chiqqan 50 ga yaqin o`smir ushlandi

'Toshkentda "Ryodan"ga qo`shilish shiorlari bilan chiqqan 50 ga yaqin o`smir ushlandi'ning rasmi

Kecha, 5 mart kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Istiqlol ko`chasi bo`ylab joylashgan Xalqaro forumlar saroyi binosi yonida 50 ga yaqin o`smirlar to`plangan. Ular "Ryodan" submadaniyatiga qo`shilish haqida turli shiorlar bilan chiqishgan. 

Holat yuzasidan IIV matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi. 

Ma`lum qilinishicha, ichki ishlar organlariga ushbu harakat tashkilotchilari mamlakatdan tashqarida joylashgan buzg`unchi kuchlar ekani, ularning maqsadi milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni, shuningdek, g`oyalariga qarshi bo`lgan ustidan tartibsizliklar, zo`ravonlikni targ`ib qilish ekanligi haqida turli ma`lumotlar kelib tushgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda buzg`unchi shiorlar va notanish kimsalar ta`siriga tushib qolmaslik haqida ogohlantirgan.

"Joriy yilning 5 mart kuni jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan profilaktika tadbirlari o`tkazilib, ota-onalar va hodisa ishtirokchilari bilan suhbat o`tkazildi", deyiladi xabarda. 

Ma`lum qilinishicha, buzg`unchi kuchlarning yoshlarga ta`siridan harakat ishtirokchilarining quyidagi chaqiriqlari dalolat bergan: "Salom, bugun soat 18:00 da butun forumni **** buzamiz. Tishimizgacha qurollanamiz, pnevmatika, sovuq va jangovar qurollar". Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini obro`sizlantirishga urinishlar bilan anonim foydalanuvchilarning videolari tarqatilgan. 

"Biz ota-onalarga farzandining sevimli mashg`ulotlariga e`tibor berish kerakligini eslatamiz", - deyiladi xabarda. 

 

    Boshqa yangiliklar