Toshkentda II guruh nogironi bo`lgan farzandining dorilarini noqonuniy sotgan 31 yoshli otaga hukm o`qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati "Darakchi.uz"gi ma`lum qildi.
Gap shundaki, sudlanuvchi Hindistonda ishlab chiqarilgan “Remdesivir”, Ukrainada ishlab chiqarilgan “Serebrokurin” dori vositalarining O`zbekiston Respublikasi Tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari Davlat reestrida ro`yxatga olinmagani, dori vositalarining ushbu seriyalariga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagani hamda farmasevtika faoliyatini amalga oshirish Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan lisenziya asosida amalga oshirilishi belgilanganligini bilgan. Shunga qaramay, qonunga xilof ravishda supermarket avtoturargohida xaridorga 20 dona “Remdesivir 100 mg Jubi-R” dori vositasining har birini 900 000 so`mdan hisoblab 1 700 AQSh dollariga, 20 quti “Serebrokurin”ning har bir qutisini 410 AQSh dollaridan hisoblab 8 200 AQSh dollariga, jami 9 900 AQSh dollariga sotgan. Mijoz bilan ayni savdo qizigan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasi ma`lumotiga ko`ra, farmasevtika faoliyatini amalga oshirish Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan beriladigan lisenziya asosida dorixonalarda va ularning filiallarida realizasiya qilinishi shart. Shunga ko`ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3-bob 1-bandida belgilangan dori vositalari va tibbiy buyumlarning dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlanishi haqidagi talablari buzilganligi ko`rsatilgan.
“Toshkent shahar Dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatining ma`lumotiga ko`ra, “Remdesivir” va “Serebrokurin” dori vositalarining umumiy qiymati 99 926 520 so`mni tashkil etishi ma`lum qilingan.
— Notanish raqamdan qo`ng`iroq bo`ldi va “Serebrokurin” dori vositasi topib berishimni so`radi. Avvaliga rad qildim, bir necha marotaba so`raganidan so`ng rozi bo`ldim. Sababi otam og`ir kasalligi tufayli operasiya uchun katta pul judayam zarur edi. Xaridor ayol “Remdesivir” dori vositasini ham topib berishimni so`radi. Xaridor 20 quti “Serebrokurin”ni sotib olishini bildirganida, ushbu dorining har bir donasini 410 AQSh dollaridan sotishimni aytdim. U rozi bo`lib, “Remdesivir”ni topgunimcha 10 ming AQSh dollariga moslab olib kelib berishimni so`radi. Unga “Remdesivir”ning har bir qutisining narxi 900 000 so`mdan ekanini aytdim va avtoturargohda uchrashishga kelishdik. “Remdesivir” va “Serebrokurin”ni jami 9 900 AQSh dollariga sotishga kelishganman.
Xaridor bilan ko`rishib, pullarni olgan vaqtimda yonimga fuqarolik kiyimda bir nechta shaxslar kelib, o`zlarini tanishtirishdi. Ularga ham holatni ma`lum qildim, ya`ni dori vositalarini otamning operasiyasiga pul kerak bo`lgani uchun sotganimni, ularni sotib daromad ko`rish maqsadim bo`lmaganini aytdim. “Serebrokurin”ni menga nogiron o`g`limni sog`ligini tiklash uchun fuqarolar ehson qilishgandi. Chunki nogiron o`g`lim ushbu dorini iste`mol qiladi. “Serebrokurin”ni uyda muzlatkichda saqlaganman, dori mahsulotlarini sotish bilan shug`ullanmayman. Dori vositalarining dorixonadan tashqarida sotish noqonuniyligini bilmaganman. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman, - deya otasi juda og`ir kasalligi, oilada yagona boquvchi ekanini inobatga olib, suddan unga nisbatan engillik berishni so`ragan sudlanuvchi.
Jinoyat ishlari bo`yicha M.Ulug`bek tuman sudi sudyasi Muzaffar Kukievga ko`ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Unga nisbatan JKning 72-moddasini qo`llab, tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 3 yil sinov muddati belgilangan.
Ma`lumot uchun: Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi - sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o`tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o`tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta`sir qiluvchi moddalar mavjud bo`lgan dori vositalarini resept bo`yicha chakana realizasiya qilish tartibini buzish.