Hurmatli konferensiya qatnashchilari!
Qadrli mehmonlar!
Avvalo, sizlarni jadid ma`rifatparvarlarining hayoti va ijtimoiy faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini o`rganishga bag`ishlangan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan tabriklayman.
Ushbu nufuzli anjumanni tashkil etish va o`tkazishda bizni qo`llab-quvvatlagan Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Xalqaro turk akademiyasi, Turk madaniyati va merosi xalqaro fondi, Turkiy davlatlar parlamentlari assambleyasi rahbarlari va vakillariga, barcha xorijiy olimlarga chin qalbimdan tashakkur bildiraman.
Aziz do`stlar!
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida bir qator sharq va musulmon mamlakatlarida vujudga kelgan jadidchilik harakati Turkiston o`lkasida teran tarixiy ildizlarga egadir. Yurtimiz ulkan ijtimoiy-siyosiy va ma`rifiy ahamiyatga ega ushbu jarayonlardan chetda qolmagani, aksincha, bu harakatning markazlaridan biriga aylanganini ta`kidlash lozim.
O`z zamonining ilg`or namoyandalari bo`lgan jadidlar g`oyat murakkab va qiyin sharoitda bilim va ma`rifat tarqatish, ta`lim-tarbiya sohasini tubdan isloh etish orqali milliy taraqqiyotga erishish g`oyasi bilan maydonga chiqdilar.
Shu maqsadda o`z mablag`lari hisobidan maktab va teatrlar, nashriyot va kutubxonalar, gazeta va jurnallar tashkil qildilar, qobiliyatli yoshlarni chet ellarga o`qishga yubordilar. Ularning bu olijanob tashabbus va harakatlari jamiyat hayotida kuchli aks sado berib, qudratli to`lqinga aylandi.
O`ylaymanki, tarixda ikki buyuk Renessansga zamin bo`lgan mintaqamizda uchinchi Renessansni aynan jadid ajdodlarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Afsuski, mustabid tuzum ularning ezgu g`oya va amaliy harakatlarini to`la ro`yobga chiqarishga imkon bermadi.
Biz bugun mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyati, huquqiy demokratik davlat barpo etar ekanmiz, jadid bobolarimizning gumanistik qarashlariga tayanamiz, ularning merosidan ma`naviy kuch-quvvat olamiz.
Yurtimizda mustabid tuzum davrida siyosiy qatag`onga uchragan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish bo`yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. 31 avgust – Qatag`on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, Qatag`on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va uning hududiy bo`limlari faoliyat olib bormoqda. Jadidchilik harakati tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilmlar ko`plab yaratilmoqda. Ulug` ma`rifatparvarlarimiz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, ta`lim muassasalari, muzeylar, bog` va xiyobonlar barpo etilmoqda.
O`tgan uch yil mobaynida O`zbekiston Oliy sudi tomonidan qatag`on qurboni bo`lgan to`rt yuzdan ziyod vatandoshlarimizning nomlari oqlandi. Ularning aksariyat qismini jadidchilik harakati vakillari tashkil etishi ayniqsa e`tiborlidir.
Hurmatli do`stlar!
Biz ma`rifatparvar bobolarimizning muqaddas orzularini ro`yobga chiqarish uchun mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini yaratishni strategik vazifa qilib belgilaganmiz. Shu maqsadda ilm-fan, ta`lim-tarbiya, madaniyat sohalarida tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Bu borada avvalo ta`lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, o`qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o`rni va ta`sirini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
Keyingi olti yilda respublikamizda maktabgacha ta`lim tashkilotlari soni qariyb 6 barobar ko`payib, 4988 tadan 29420 taga, oliy o`quv yurtlari soni esa 77 tadan 213 taga etkazildi. Yurtimizda yangi turdagi Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo`lga qo`yilmoqda.
Farzandlarimizni har tomonlama barkamol, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq insonlar etib tarbiyalashda taraqqiyparvar ajdodlarimizning aql-zakovati, iroda va matonati barchamiz uchun ibrat maktabi bo`lib xizmat qiladi.
Biz xalqaro ilmiy markazlar, dunyo olimlari bilan hamkorlikda jadidlar faoliyatini yanada chuqur o`rganishni dolzarb vazifa deb hisoblaymiz. Bu noyob meros orqali bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan juda ko`p savollarga to`g`ri javob topa olamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ`ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab etadi.
Anjumanning barcha qatnashchilariga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti






