AsosiyJinoyat

“O`zbek-qirg`iz” chegarasida katta miqdordagi narkotik moddalar qoldirib ketilgani aniqlandi (video)

'“O`zbek-qirg`iz” chegarasida katta miqdordagi narkotik moddalar qoldirib ketilgani aniqlandi (video)'ning rasmi

DXX Chegara qo`shinlari va Namangan viloyati bo`yicha Boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotik moddalarning “o`zbek-qirg`iz” davlat chegarasidan noqonuniy o`tkazilgan holati aniqlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Jumladan, davlat chegarasining Yangiqo`rg`on tumani hududidan o`tuvchi qismida noma`lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 14 kg 512 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda holat yuzasidan DXX Namangan viloyati bo`yicha Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ushbu giyohvandlik vositalari egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo`yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

DXX Toshkent shahar bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda esa “Namangan-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Ohangaron tumani hududida to`xtatildi. 

Avtomashina ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, 2002 yilda Farg`ona viloyatida tug`ilgan fuqaroga tegishli qo`l sumkasi ichida 50 gr. “geroin” moddasi, 672 dona “Regapen” va 300 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, Qirg`iz Respublikasi fuqarosi tomonidan Yangiqo`rg`on tumani hududiga kontrabanda yo`li bilan o`tkazilgan ushbu giyohvandlik vositalarini 1800 AQSh dollariga sotib olgan, 1996 yilda Buxoro viloyatida tug`ilgan shaxs ham Ohangaron tumanidagi “Chinor” YPX maskanida ushlandi.

Ta`kidlash lozimki, mazkur shaxslarning biri Toshkent shahridagi davlat, ikkinchisi esa nodavlat universitetlarning talabalari hisoblanib, ular poytaxt hududida narkotik moddalar savdosi bilan shug`ullanishgan.

Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan DXX Toshkent shahar bo`yicha Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246, 2511 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar