Checheniston etakchisining 20 yoshli qizi, Qodirov kotibiyati rahbarining o`rinbosari Xutmat Qodirova endilikda respublika sog`liqni saqlash tizimini boshqaradigan bo`ldi. Bu haqda Checheniston hukumati raisining o`rinbosari Adam Alxanov xabar berdi.
“Checheniston Respublikasi rahbari topshirig`iga ko`ra, bundan buyon Checheniston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimi Xutmat Ramzanovna tomonidan nazorat qilinadi. Uning rahbarligidagi reabilitasiya xizmati sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilganini ko`ramiz. Endi Xutmat Qodirovaning bilim va tajribasi butun tibbiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi”, deb yozgan Alxanov.
Ta`kidlash joizki, Ramzan Qodirovning qizlari respublikadagi yuqori davlat lavozimlarini egallashi birinchi marta bo`layotgani yo`q. Masalan, uning to`ng`ich qizi Aishat Qodirova respublika Madaniyat vazirligini boshqaradi. Yana bir qizi Xadijat Qodirova esa Grozniy meriyasining maktabgacha ta`lim bo`limi boshlig`i sanaladi.
Checheniston rahbarining 17 yoshdagi o`g`li Ahmad Qodirov esa “Birinchilar harakati” Butunrossiya bolalar va o`smirlar harakatining respublikadagi mintaqaviy bo`limi kengashi raisi hisoblanadi.