Avvalambor, poytaxt ehtiyojini ta`minlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi.
Birinchisi - Qibrayda 400 megavattli foto-elektr stansiyasini qurish boshlandi. Shuningdek, bugungi tadbirda Yuqorichirchiqda 700 megavattli, Ohangaron tumanida 1 ming megavattli hamda Bo`kada 300 megavattli stansiyalar loyihalariga start beriladi.
Bu loyihalarga 2 milliard dollardan ziyod to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar kiritilmoqda. Bu stansiyalar to`liq quvvat bilan ishlay boshlagandan keyin yiliga 6 milliard kilovatt-soat kafolatlangan elektr ishlab chiqaradi.
Bu stansiyalarning elektr energiyasi qo`shimcha 2 million aholi va 30 ming korxona talabini ta`minlashga etarli bo`ladi.
Shuningdek, poytaxtda elektr energiyasi bilan barqaror ta`minlash uchun yangi podstansiyalar quriladi va mavjudlari yangilanadi, qo`shimcha yuqori kuchlanishli tarmoqlar quriladi, issiqlik markazlari rekonstruksiya qilinadi, kogenerasiya texnologiyasi joriy qilinadi.
Prezident poytaxtimiz aholi uchun har tomonlama qulay sharoitga ega, chinakam ekologik shahar bo`lishi kerakligiga e`tibor qaratdi.
Shu maqsadda “Toshkentning yashil belbog`i” loyihasi aynan Yangi Toshkent hududidan boshlanadi. Bunda 420 gektar maydonda Markaziy bog` barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi. Bugun ushbu bog`da yaxshi niyatlar bilan 1 ming tup daraxt ekiladi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarning davomi sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor faslida har bir mahalla hududida 1 mingtadan daraxt ekishni taklif etdi.
So`zining yakunida Prezidentimiz poytaxtimiz Yangi O`zbekistonning yuksak taraqqiyot darajasi va salohiyatiga har tomonlama mos bo`lgan yirik megapolisga, dunyodagi eng go`zal va jozibador shaharlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.
18.03.2023 11:59
Prezident “Toshkentning yashil belbog`i” loyihasi aynan Yangi Toshkent hududidan boshlanishini ma`lum qildi
