AsosiyJamiyat

Mixail Shvidkoy: "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasi o`tmishdan hikoya qiladi va kelajak sari intiladi

'Mixail Shvidkoy: "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida" loyihasi o`tmishdan hikoya qiladi va kelajak sari intiladi'ning rasmi

Rossiya prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo`yicha maxsus vakili, taniqli teleboshlovchi va Myuzikl teatrining badiiy rahbari Mixail Shvidkoy Pushkin uyi arxividagi o`zbek maqomlari ilk ijrochilarining hali dunyo eshitmagan noyob yozuvlarini raqamlashtirish loyihasini amalga oshirishda yordam berishga va`da qildi. Bular XX asr boshlarida nemis mutaxassislari tomonidan fonografga yozib olingan mum va metall silindrlardagi qadimiy yozuvlar, grammofon plastinkalari, musiqaga oid arab, fors va turk tillaridagi qo`lyozmalar, musiqa asboblari va turli arxiv hujjatlaridir.

Rossiya Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo`yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati yangi ofisining birinchi mehmoni bo`ldi.

Tashrif va muzokaralar chog`ida kelgusidagi qo`shma loyiha va tashabbuslar muhokama qilindi, Rossiya muzeylari va kutubxonalari bilan hamkorlikning yangi qirralari belgilab olindi.

Mehmon dastlab «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» turkumidagi suratlarga boy, bezakli kitob-albomlar va qadimiy sharq qo`lyozmalarining noyob faksimile nashrlari bilan tanishdi. Shvidkoy loyiha ko`lamidan hayratda qoldi hamda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyatining o`zbek madaniyati va san`atini targ`ib qilishdagi faoliyatini yuqori baholadi.

So`ngra Butunjahon jamiyati loyihasi va faoliyati taqdimoti bo`lib o`tdi.

Mixail Shvidkoy kitoblarni nashrga tayyorlash, chop etish, ilmiy hamkorlik, ikki mamlakat olimlarining o`zaro hamkorligi haqidagi masalalarga katta qiziqish bildirdi. Rossiya muzeylari va kutubxonalarida O`zbekiston merosini o`rganish bo`yicha mutaxassislar topish va qo`shma ishlarni tashkil etishda yordam berishga tayyorligini ta`kidladi.

Taqdimot va loyiha nashrlari bilan tanishish chog`ida Mixail Shvidkoy «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi vakillari va xodimlari bilan suhbatlashdi.

«O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi muallifi Firdavs Abduxoliqov Shvidkoyga kitoblarning dastlabki bir necha jildlari Sharq xalqlari san`ati davlat muzeyi, Rossiya etnografiya muzeyi, Davlat ermitaji, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Davlat Tretyakov galereyasidagi o`zbek kolleksiyalariga bag`ishlanganligini aytib o`tdi.  

«Nashr etilgan 60 jild kitobdan 13 tasi Rossiya muzeylari va kutubxonalari haqida O`zbekiston merosiga oid hikoya qiladi. Umuman olganda, loyihaga Rossiyaning 15 dan ortiq muzey va kutubxonalari jalb etilgan», — deya ta`kidlab o`tdi Firdavs Abduxoliqov.

«Men hayratdaman. Bu juda katta, keng qamrovli ish. Bu tashkilot o`tmish haqida gapirayotganga o`xshaydi, lekin men ko`rganlarimga asoslanadigan bo`lsam, bu kelajakka sayohat. Loyihaning zamonga xos, jadal harakat qilayotgani, ishlash usullari va jarayoni haqida gapirsak — bu albatta ertangi kunga dahldor. Katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgan! Va, albatta, men bu ajoyib loyihani har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyorman», — dedi o`z navbatida Mixail Shvidkoy.

Rossiya muzeylari bilan birgalikda amalga oshirish rejalashtirilgan bir qancha g`oyalar tashkil etilmoqda. «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Ekaterina Soboleva ular haqida batafsil to`xtalib o`tdi:

— Biz birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo`lgan bir qancha qiziqarli tashabbuslarni muhokama qildik. Bu, birinchi navbatda, Sankt-Peterburgdagi Pushkin uyida saqlanayotgan O`zbekistonga oid noyob musiqiy merosni raqamlashtirishdir. Gap noyob, nodir maqomlar haqida ketmoqda. Bu ajoyib ovozlarni dunyo hali eshitmagan va bizda uzoq o`tmish musiqasi keng ommaga taqdim etish uchun ajoyib imkoniyat bor.

XIX–XX asr boshlarida Turkistonga tashrif buyurgan sayohatchilar tomonidan tasvirga olingan noyob fotosuratlar va eskizlarni o`z ichiga olgan «Turkiston hikoyalari» turkum kitoblarining nashr etilishi juda qiziq loyihadir. Ularda o`z vaqtida yurtimiz tasvirlarini o`z suratlarida muhrlagan taniqli tadqiqotchilar – S. Prokudin-Gorskiy, S. Dudin va boshqalar tomonidan to`plangan haqiqatanda eksklyuziv kadrlari mavjud.

Va nihoyat, Rossiya muzeylari va kutubxonalaridagi O`zbekiston madaniy merosi durdonalari haqida beshta eksklyuziv sovg`a kitobini nashr etish rejaga kiritilgan. U hashamat va o`ziga xoslikning mag`zini, asl mohiyatini namoyish etadi – kitoblarga muzey kolleksiyalari faxri sanalgan eng nodir, eng noyob, eng go`zal eksponatlar jam bo`ladi, – deya ta`kidladi Ekaterina Soboleva.

O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fozilov Mixail Shvidkoyning «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi ofisiga tashrifi yakunlari haqida fikr bildirdi.

«O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» Yangi O`zbekiston loyihasidir, chunki ilm-fan olamida mashhur bo`lgan kitob-albomlar turkumining dastlabki kitoblari ilk bor 2016 yilda nashr etilgan. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev madaniy merosni o`rganish, asrab-avaylash va ommalashtirish masalalarini davlat siyosati darajasiga ko`tardi. Shu tufayli loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

«Mamlakatimiz madaniy merosiga oid deyarli barcha qit`adagi muzey va kutubxonalarda saqlanayotgan kolleksiyalar namunalari haqida hikoya qiluvchi 60 jildlik kitoblar nashr etildi. Biz uchun juda qadrli bo`lgan loyihaga tashkil etilgan dastlabki kunlaridanoq bunday yuksak baho berilganidan juda mamnunmiz», — deya ta`kidladi Baxtiyor Fozilov.

Ma`lumki, O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati 2019 yilda Parijda ro`yxatdan o`tgan. U dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 400 ga yaqin olimni birlashtirgan. Loyihaga asos solingan kundan buyon uning tashkilotchisi va homiysi «Eriell Group» kompaniyasi hisoblanadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar