1

Vengriyada O`zbekiston Elchixonasi ochildi

Siyosat 27.03.2023, 23:09
Vengriyada O`zbekiston Elchixonasi ochildi

2023 yil 27 mart kuni Budapesht shahrida mamlakatimiz Elchixonasi ochilishiga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, yurtimiz diplomatik vakolatxonasi faoliyatining yo`lga qo`yilishi bevosita O`zbekiston Prezidentining tashabbusi va Vengriya hukumati rahbarining har tomonlama qo`llab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov, Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto, iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, shuningdek, keng jamoatchilik, siyosiy, ishbilarmon doiralar vakillari, mahalliy OAV xodimlari ishtirok etdi. O`zbekistondan borgan san`at ustalarining dilrabo kuy va taronalari tadbirga o`zgacha shukuh bag`ishladi.

B.Saidov o`z nutqida mamlakatimiz ochiq, pragmatik, tinchliksevar tashqi siyosat yuritayotgani, barcha davlatlar bilan o`zaro manfaatli aloqalar rivojlanib borayotgani, xususan, Vengriya bilan hamkorlikni kengaytirish O`zbekiston tashqi siyosatining muhim yo`nalishlaridan biri ekanligini ta`kidladi.

O`z navbatida, Peter Siyyarto O`zbekiston Elchixonasining ochilishi ikki tinchliksevar mamlakatlar o`rtasidagi aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy o`sish sur`atining yorqin tasdig`i ekanini, Elchixona faoliyati o`zaro hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni har jihatdan boyitishga xizmat qilishini ta`kidladi.

So`nggi yillarda birgalikdagi sa`y-harakatlar natijasida O`zbekiston-Vengriya munosabatlari faol taraqqiy etib, mutlaqo yangi sur`at kasb etmoqda. Vaqt sinovidan o`tgan do`stona munosabatlar bugun strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan. Xalqlarimiz asrlar osha uzviy tarixiy aloqalarga ega bo`lib, mustahkam do`stlik va madaniy hamkorlik rishtalarini saqlab kelmoqda. Ikki tomonlama amaliy hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi izchil rivojlanib bormoqda.

O`zbekiston-Vengriya munosabatlari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, ko`p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik natijasida yana-da kengaymoqda. Shu o`rinda BMT va YXHT bilan bir qatorda Turkiy davlatlar tashkilotini ham alohida ta`kidlab o`tish o`rinli.

Elchixona binosi Budapesht shahrining markaziy hududida joylashgan bo`lib, u ko`hna va zamonaviy arxitektura talablarini mujassam etgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1