1

Toshkentda O`zbekistonda birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigienik shoxobcha ishga tushirildi

Jamiyat 29.03.2023, 21:38
Toshkentda O`zbekistonda birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigienik shoxobcha ishga tushirildi

Bugun, 29 mart kuni Toshkentda sanitariya-gigienik shoxobchasining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Mirobod tumani, Lokomotiv ko`chasida joylashgan ushbu shoxobcha erkaklar, ayollar hamda nogironligi bo`lgan shaxslar uchun mo`ljallangan hojatxonalar, yuvinish xonasi hamda xodimlar uchun mo`ljallangan xonani o`z ichiga olgan. Bu O`zbekistondagi birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigienik shoxobcha hisoblanadi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “Turizm tarmog`ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori hamda 2019 yil 13 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq Madaniyat va turizm vazirligining tashabbusi bilan tadbirkorlik subektlariga zamonaviy sanitar-gigienik shoxobchalarni qurish uchun 80 – 100 kvadrat metr o`lchamda er maydonlarini elektron ausionga qo`ymasdan olish imkoniyati yaratilgandi, – dedi Madaniyat va turizm vazirligi bo`lim boshlig`i Muhayyo Hayitova. – Mazkur imtiyoz natijasida respublika bo`yicha 150 nafardan ortiq tadbirkorlik subektlariga zamonaviy sanitar-gigienik shoxobchalar qurish uchun tegishli er maydonlari ajratildi. Shu jumalan, Toshkent shahar hokimligining tegishli qarori bilan Toshkent shahri, Mirobod tumani, Lokomativ ko`chasi, 4-uy, 5-xonadon yonidagi bo`sh turgan er maydoni tadbirkor fuqaro Kamoliddin Danaboevga zamonaviy sanitar-gigienik shoxobcha qurish uchun berildi. Tadbirkor esa bugun barcha qulayliklarga ega, avtomatlashtirilgan, smart rejimi asosida ishlaydigan shoxobchani foydalanishga topshirdi. Kelgusida bunday shoxobchalarning sonini yanada oshirish, boshqa hududlarda ham kun-u tun ishlaydigan shoxobchalar qurish rejalashtirilgan”.

Ta`kidlash joizki, mazkur shoxobchaning boshqa shu singari shoxobchalardan asosiy afzalligi uning avtomat rejimda ishlashi va eng zamonaviy sanitar-gigienik moslamalar bilan jihozlanganligidir. Qolaversa, unda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo`lgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar qulay foydalanishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.

“Madaniyat va turizm vazirligi, Toshkent shahar hokimligi yordamida zamonaviy, hamma talabga javob beradigan shoxobchani qurib bitkazdik, — dedi tadbirkor Kamoliddin Danaboev. – Shoxobchani qurishda Xitoy, Belarus, Rossiya kabi xorijiy davlatlardan keltirilgan zamonaviy texnika vositalaridan foydalandik. Aholining har bir qatlami uchun qulaylik yaratishga harakat qildik. Shoxobchamiz avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydi. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan. Agar, masalan, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi. Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga o`xshash narsalarni xarid qilishlari mumkin. Shoxobchamiz kun-u tun ishlaydi”.

O`zbekiston Nogironlar assosiasiyasi raisi Oybek Isoqov mazkur shoxobchaning aynan nogironligi bor insonlarga qulayliklari haqida gapirdi.

“Nogironligi bo`lgan shaxslar uchun mo`ljallangan hojatxona juda qulay. Negaki ichi juda keng, aravachada bemalol harakatlanish mumkin. Bundan tashqari, favqulotda vaziyatlar uchun mo`ljallangan SOS tugmasi bor, ya`ni nogironligi bo`lgan shaxs agar salomatligida biror muammo yuzaga kelsa, shu tugmachani bosib, yordam chaqirishi mumkin. Umuman olganda, har bir detalga alohida e`tibor qaratilgan. Bunday sanitar-gigienik shoxobchalarni yanada ko`paytirish lozim”, — dedi Oybek Isoqov.

Qayd etish kerakki, ayni damda mazkur shoxobchada ish o`rinlari ham yaratilmoqda.

Ma`lumot uchun, 2017 yilda jami 200 ta sanitar-gigienik shoxobcha faoliyat yuritgan bo`lsa, 2022 yilga kelib ularning soni 7594 taga etdi. Shulardan 3921 tasi yangi qurilgan, 3673 tasi esa qayta ta`mirlanib, foydalanishga topshirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1